6 May 2022 2110

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining 30 yillik tantanasi katta shodiyona bilan nishonlandi

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali kechasi bo‘lib o‘tdi. Yuqori kayfiyatda o‘tgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va ko‘plab xalqaro sport tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston MOQ va Olimpiya harakati a’zolariga yo‘llagan tabrigi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan o‘qib eshittirildi.

“Uyg‘onish” musiqiy kompozitsiyasi ostida namoyish etilgan O‘zbekistonda Olimpiya harakati va MOQ faoliyatiga oid rolik ko‘pchilikning diqqat-markazida bo‘ldi.

Shundan so‘ng marosimning eng qiziqarli qismi – 30 yil mobaynida o‘zbek sportini jahonga tanitishda qo‘shgan hissalari uchun federatsiya va assotsiatsiyalar, sportchilar quyidagi nominatsiyalarda taqdirlanishdi:

“Olimpiadalarda eng ko‘p medal keltirgan federatsiya” – O‘zbekiston boks federatsiyasi;

“Olimpiya rekordchilarini tarbiyalagan federatsiya” – O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi;

10 yilliklar kesimida O‘zbekistonning eng yaxshi sportchisi:
G‘oliblar:
1.Mirjalol Qosimov (1991-2001)
2.Abdullo Tangriyev (2001-2011)
3.Oksana Chusovitina (2011-2021);

“Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p medalga ega chiqqan sportchi” – Rishod Sobirov;

“30 yillikning eng sovrindor murabbiyi” – Marat Qurbonov;

“30 yillikda uzluksiz medallarni qo‘lga kiritgan assotsiatsiya” – O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi;

“O‘zbek sportini dunyoga targ‘ib qilishdagi xizmatlari uchun” – Ravshan Irmatov;

“30 yillikning Eng shonli terma jamoasi” – futbol bo‘yicha 1994-yilgi O‘zbekiston milliy terma jamoasi;

“Yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi birinchi medal” – Armen Bagdasarov;

“O‘zbekistonning eng yosh Olimpiya o‘yinlari chempioni” – Ulug‘bek Rashitov.

Text to speech