Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati MOQda mehmon bo‘lishdi
Xabar berganimizdek, ayni paytda Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) rahbariyati tashkilot Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishini o‘tkazish va O‘zbekiston MOQning 30 yillik tantanasini nishonlash uchun poytaxtimizda mehmon bo‘lib turibdi. Bugun OOKning amaldagi rahbari Raja Randxir Singx va OOK bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) prezidenti Husayn Al Musallam MOQga tashrif buyurishdi. Martabali mehmonlari Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov qarshi oldilar. Mutasaddilar mehmonlar uchun Qo‘mita binosi bo‘ylab kichik sayohat tashkil qilishdi va ularni o‘zbek sporti tarixi bilan yaqindan tanishtirishdi. Shundan so‘ng rasmiylar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Prezidentimiz o‘zlari barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston kelajagini jismonan sog‘lom avlod bilan qurmoqdalar. Bu borada aholi va yoshlarimizning ommaviy sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha hududlarda zarur sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, professional sport rivojiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Terma jamoalarimizning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, sport farmakologiyasi, tibbiyoti bo‘yicha so‘nggi yutuqlarni tatbiq qilish, hududlarda kuchli seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish borasida kuchli tizim ishlamoqda”, – dedi Adham Ikramov.
O‘z navbatida, rasmiylar mamlakatimiz bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi loyihalarni amalga oshirishda birgalikda ishlashdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Shundan so‘ng mutasaddilar Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishiga olib borilayotgan tayyorgarlik, uning kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashishdi. Unga ko‘ra, ertaga bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Xanchjou-2022 XIX Osiyo o‘yinlari, Shantou-2021 o‘smirlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning holati, har ikki musobaqa tashkiliy qo‘mitasining epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda qanday talablar qo‘yishi ma’lum qilinadi.
Shuningdek, Oybek Kasimov O‘zbekiston tomoni “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha tayyorlagan taqdimot loyihasi namoyish etilishini ta’kidladi.
Oldinda kutilayotgan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilingach Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi o‘z ishini yakunlaydi. Shundan so‘ng O‘zbekiston MOQ tashkil etilganining 30 yillik tantanali tadbiri bo‘lib o‘tadi.