MOQ raisi o‘rinbosari Salim Abduvaliyev 72 yoshda!
Bugun MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi va o‘zbek sportining jonkuyarlaridan biri Salim Kirgizbayevich Abduvaliyev 72 yoshni qarshi olmoqda.
Salim Abduvaliyev 1950 yil dunyoga kelgan. Umrining ko‘p qismini yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, Olimpiya harakati rivojlantirishga sarflab kelmoqda. Bu inson nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda sport kurashlarining rivoji yo‘lida hissa qo‘shib kelayotgan jonkuyar hisoblanadi.
Salim Kirgizbayevich O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida yurtimizda sport kurashlari bo‘yicha shakllangan kuchli maktabga poydevor qo‘ygan, poytaxtimizda kattalar o‘rtasidagi Osiyo va jahon chempionati kabi musobaqalarning o‘tkazilishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan mutaxassislardan biri hisoblanadi. Salim Abduvaliyev davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Joriy yil Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Lyudvig Nobel premiyasining 2022 yilgi mukofotiga munosib ko‘rildi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Salim Abduvaliyevni katta sport jamoatchiligi va yurtimizdagi Olimpiya harakatining barcha ishtirokchilari nomidan 72 yoshlik qutlug‘ ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, mustahkam sog‘liq tilab qoladi.