Mamlakatimizda Butunjahon yoshlar virtual festivalini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi
Sport orqali birlashish tashkiloti prezidenti Stiven Foks yaqinlashib kelayotgan Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston MOQning 30 yillik tantanali kechasining faxriy mehmonlaridan hisoblanadi. Bugun yurtimizga yetib kelgan ushbu rasmiyni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov kutib oldi.
Shundan so‘ng Stiven Foks O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘ldi. Tashrif davomida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, mamlakatimizda tashkilot bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida fikr almashildi.
Sport orqali birlashish tashkiloti o‘z shafeligida Butunjahon yoshlar virtual festivalini o‘tkazadi. Suhbatning bosh mavzusi mazkur festivalning bu yilgi tadbirini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi bo‘ldi. Do‘stona o‘tgan uchrashuvda mutasaddilar bu boradagi fikrlarini bildirib o‘tishdi.
“Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda uning muhim yo‘nalishlaridan biri jismonan sog‘lom, ma’naviy va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, o‘z Vataniga sadoqatli yoshlarni tarbiyalash etib belgilangan. Bu boradagi barcha sa’y-harakatlar hayotiy qarashlari mustahkam yosh avlodning ijtimoiy faolligini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan”, – dedi Adham Ikramov.
Suhbatda Adham Ilhamovich hamkorlikning keyingi bosqichidagi loyihalar katta qiziqish bilan ko‘rib chiqilishini bildirdi. Festival o‘tgan yili Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkazildi. Mazkur tadbir Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi, Maxsus Olimpiadalar va boshqa bir qator xalqaro tashkilotlar homiyligida butun dunyodagi bolalarning ijtimoiy tengligini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkaziladi. Uning bu yilgi tadbirlari mamlakatimizda “O‘zbekistondan butun jahonga” shiori ostida tashkil etilishi rejalashtirilgan.