4 May 2022 1875

Osiyo Olimpiya kengashining amaldagi rahbari Raja Randxir Singx Toshkentga tashrif buyurdi

6 may kuni poytaxtimizda Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi va O‘zbekiston MOQ tashkil etilganining 30 yillik bayram dasturi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirlarning faxriy mehmoni, OOKning amaldagi rahbari Raja Randxir Singx Toshkentga keldi.

Martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Kamilov kutib olishdi.

“Biz Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganining 30 yillik shodiyonasini do‘stlarimiz bilan birgalikda nishonlash uchun tashrif buyurdik. Ijroiya qo‘mita yig‘ilishida bizni oldinda kutayotgan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik rejalarini muhokama qilamiz. Qit’amizda Olimpiya harakatining istiqbollari haqida fikr almashamiz. Birinchi navbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevni mamlakatingizning sport sohasida erishayotgan yutuqlari bilan qutlab o‘tmoqchiman. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bilan juda yaqin hamkorlik aloqalarimiz bor. Shuningdek, tashrifimiz davomida 2025 yil Toshkentda o‘tadigan IV yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik rejalarini ham ko‘rib chiqamiz”, – deya o‘z fikrlarini bildirdi Raja Randxir Singx janoblari.

Qayd etish joiz, OOK Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi birinchi bor Toshkentda tashkil etilmoqda. Unda Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari, Shantou-2021 III yoshlar Osiyo o‘yinlarining tashkiliy masalalari yuzasidan muhokamalar o‘tkaziladi. Shuningdek, yig‘ilish kun tartibidan “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlikning taqdimot loyihasi o‘rin olgan. Qit’amiz sportiga oid muhim masalalar muhokama qilinadigan tadbirda 30 ga yaqin mamlakat vakillari qatnashadi.

Text to speech