Dilnoza Bakirova hamda Shohsanam Toshpo‘latovani tabriklaymiz!
Bugun karate WKF bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Dilnoza Bakirova hamda para-suzish bo‘yicha 3 karra Paralimpiya o‘yinlari sovrindori Shohsanam Toshpo‘latova o‘z tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.
Dilnoza Bakirova 1986 yil 4 may kuni tavallud topgan. Sportchilik faoliyati davomida bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan kun qahramoni endilikda terma jamoa murabbiylar shtabida faoliyat olib bormoqda. Hozirda karatechilarimizni yilning eng muhim starti – Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlariga tayyorlamoqda.
Shohsanam Toshpo‘latova 1997 yil 4 may kuni Andijon viloyatida tavallud topgan. Para-suzish bo‘yicha jahon chempionati va jahon kuboklarida bir necha bor shohsupaga ko‘tarilgan. 2016 yil Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, delegatsiyamizning olamshumul g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shgan. Toshpo‘latova, shuningdek, Indoneziyada o‘tgan Para-Osiyo o‘yinlarida ham bir necha bor chempionlik unvoniga ega bo‘ldi. O‘tgan yil Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida ham uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Qayd etgan natijalari evaziga davlatimiz tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi har ikki vakilimizni bugungi tavallud ayyomi bilan muborakbod etib, ularga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.