3 May 2022 1036

Svetlana Osipova hamda Alibek Temurgaliyevni tabriklaymiz!

Bugun taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili Svetlana Osipova hamda slalomchimiz Alibek Temurgaliyev tavallud ayyomlarini nishonlashmoqda.

Svetlana Osipova 2000 yil 3 may kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tavallud topgan. Osipova ayollar o‘rtasida eng yuqori vazn toifasida (+73 kg) qator g‘alabalarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2017 yil Jang san’ati va yopiq inshootdagi Osiyo o‘yinlari, Islom birdamlik o‘yinlari sovrindori bo‘ldi. 2018 yil esa Osiyo o‘yinlari bronza medali sohibasiga aylandi. Mahoratli taekvondochimiz 2019 yil Yaponiyaning Chiba shahrida o‘tkazilgan Gran-pri turnirida ham shohsupaga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi.

Alibek Temurgaliyev 1994 yil bugungi sanada dunyoga kelgan. Kanoe slalomida eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. Faoliyati davomida Osiyo o‘yinlari, Jahon kubogi bosqichlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan. Joriy yil Tailandda o‘tgan Osiyo chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Svetlana Osipova hamda Alibek Temurgaliyevni tavallud ayyomi bilan tabriklab, ularga yanada ulkan muvaffaqiyatlar, sihat-salomatlik tilab qoladi.

Text to speech