30 Aprel 2022 1314

Yulduzli tarkib bilan Toshkentga kelgan ozarbayjonlik taekvondochilar O‘zbekiston terma jamoasi bilan qo‘shma yig‘inga kirishdi

28 aprel kuni taekvondo bo‘yicha Ozarbayjon terma jamoasi hamyurtlarimiz bilan qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun poytaxtimizga yetib keldi. Kechadan boshlab sportchilar dastlabki mashg‘ulotni boshlagan bo‘lsalar, ayni paytda jarayon juda qizg‘in davom etmoqda. Har ikki terma jamoa ushbu yig‘in orqali o‘z mintaqalarida o‘tadigan qit’a chempionatlariga hozirlik ko‘rmoqda.

Pavel Xan murabbiyligidagi jamoamiz tarkibida Tokio-2020 chempioni Ulug‘bek Rashitov, ikki karra JCh finalchisi Nikita Rafalovich, Tokio-2020 ishtirokchisi Svetlana Osipova, Osiyo o‘yinlari sovrindori Niyaz Polatov kabi taekvondochilarimizni uchratish mumkin.

Shu o‘rinda mehmonlar tarkibiga va nima uchun aynan ozarbayjonliklar sparring sherik etib tanlanganiga izoh berib o‘tsak. Toshkentga kelgan terma jamoa tarkibida Rio-2016 chempioni, 2015 yilgi jahon chempioni, ikki karra Yevropa chempioni Radik Isayev, Rio-2016 bronza medali sohibi, ikki karra jahon chempioni, Yevropa chempioni Milad Beygi Xarchegani, 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlari bronza medali sohibasi, Yevropa chempionati kumush medali sovrindori Patimat Abakarova hamda ikki marta jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan Farida Azizova kabi jahon taekvondo yulduzlari ham bor. Bu kabi sovrindor nomlar mazkur mamlakat taekvondo olamida qanchalik qudratli ekanini anglatmoqda.

Dastlabki kunlarda murabbiylar shtabi sportchilarning texnik mahoratlarini yaxshilab olishni maqsad qilishgan. Yig‘in davomida 3 bor har ikki terma jamoa vakillari o‘rtasida sparring janglari o‘tkaziladi. So‘nggi qo‘shma mashg‘ulot 7 may kuniga belgilangan va 8 may sanasida mehmonlar o‘z yurtlariga qaytib ketishadi.

Text to speech