FIFA World Cup 2026
1-tur
Uzbekistan Uzbekistan
VS
Colombia Colombia
🗓 18-iyun · 07:00 Toshkent 🏟 Mexiko shahri, Azteca stadioni
-- Kun
-- Soat
-- Minut
-- Sekund
2-tur
Portugal Portugal
VS
Uzbekistan Uzbekistan
🗓 23-iyun · 22:00 Toshkent 🏟 NRG stadioni, Xyuston
-- Kun
-- Soat
-- Minut
-- Sekund
3-tur
DR Congo DR Congo
VS
Uzbekistan Uzbekistan
🗓 28-iyun · 04:30 Toshkent 🏟 Mercedes-Benz stadioni, Atlanta
-- Kun
-- Soat
-- Minut
-- Sekund
29 Aprel 2022 2249

Faxriylarimizga bayram arafasi ehtirom ko‘rsatildi

Ma’lumki, yurtimizda har bir soha qatori jismoniy tarbiya va sport taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilgan faxriylarimizning holidan xabar olish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qator dasturlar amalga oshirib kelinadi. Ayniqsa, 9 may “Xotira va qadrlash kuni” arafasida bu kabi xayrli ishlarga qo‘l urish yaxshi an’ana tusiga kirgan. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida o‘zbek sportida ko‘p yillar samarali ish olib borgan faxriy ustozlar jam bo‘lishdi.

Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston sport faxriylari kengashi tashabbusi bilan o‘tgan bugungi tadbirda 83 nafar faxriylarimizga moddiy yordam ko‘rsatildi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, MOQ xodimlari va o‘zbek sportining eng sara “oltin genfondi” ishtirok etdi.

Tadbirni Oybek Kasimov ochib berdi va kirib kelayotgan qo‘shaloq bayramlar bilan barchani qutladi.

“Aziz ustozlarimizni, fidoyi faxriylarimizni yana bir bor O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida ko‘rib turganimizdan bag‘oyat mamnunmiz. Fursatdan foydalanib, barchangizni kirib kelayotgan bayramlar bilan qutlab qolamiz. Hammangizga sihat-salomatlik, uzoq umr, oilaviy tinchlik-xotirjamlik tilaymiz”, – dedi O.Kasimov.

O‘z navbatida, Sherzod Tashmatov faxriylarimizning o‘zbek sportining bugungi muvaffaqiyatlari zamiridagi xizmatlarini alohida ta’kidladi.

“Biz bugun erishayotgan ulkan g‘alabalar ortida Sizlarning mehnatingiz turibdi. O‘z davrida Siz qo‘ygan tamal toshi bilan hozir shunday cho‘qqilarni zabt etyapmiz. Buning uchun yana bir bor barchangizga tashakkur aytamiz”, – dedi MOQ raisi o‘rinbosari.

Shundan so‘ng, Bahodir Maxsitov MOQ rahbarlari boshchiligida faxriylarimiz uchun ajratilgan sovg‘alarni o‘z egalariga topshirishdi. Qayd etish joiz, yillar davomida katta mehnat yo‘lini bosib o‘tgan fidoyilarimiz bugungi farog‘at davrida davlatimiz ko‘rsatayotgan bunday g‘amxo‘rlikdan cheksiz mamnun ekanliklarini bildirishdi. Turli sabablarga ko‘ra bugungi tadbirga yetib kela olmagan faxriylarimizga ajratilgan sovg‘alar ularning uylariga eltib beriladi.

Text to speech