28 Aprel 2022 1399

Toshkent viloyati hokimidan velosportchilarimizga ajoyib sovg‘a

Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimligi va O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbariyati ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev, federatsiyaning viloyat bo‘limi mutasaddilari va yosh velosipedchilarimiz ishtirok etishdi. Bu haqida viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

O‘zbekiston velosiped sporti federatsiya faoliyatini yanada rivojlantirish, atletlarimizning xalqaro maydondagi natijalarini yuksaltirish, bu borada ularga rag‘bat va e’tibor ko‘rsatish maqsadida viloyat rahbari sportchilar bilan samimiy suhbatlashdi, o‘z fikr va tavsiyalarini berdi. Ularning orzu-umidlari, maqsadlari bilan qiziqdi.

Xususan, ularning har biriga (jami 40 nafar) Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishi va yuqori natijalarga erishishiga ko‘maklashish maqsadida yangi velosipedlar sovg‘a qilindi.

Mazkur uchrashuv davomida O‘zbekiston velosiped federatsiyasi Toshkent viloyati bo‘limining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun "Damas" avtomobili ham tantanali ravishda topshirildi.

“Viloyatimizda sportning, shu jumladan, velosportning ommalashishi va rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilyapti. Bunday e’tibor bizga yanada kuch beradi. Bildirilayotgan ishonchni amaldagi natijalarimiz bilan oqlashga so‘z beramiz”, – deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi yosh sportchi Eldor Esonov.

Text to speech