27 Aprel 2022 1488

“Olimpiya sportida zamonaviy ilm-fan” konferensiyasi qizg‘in munozaralarga boy o‘tdi

Ma’lum qilganimizdek, bugun “ZOOM” platformasi orqali “Olimpiya sportida zamonaviy ilm-fan” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazildi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, pedagogika fanlari doktori, professor Fikrat Kerimov, Germaniya, Ukraina, Belarus, Rossiya va Isroil davlatlaridan ulangan, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan olimlar ishtirok etishdi.

Anjumanda ma’ruzachilar yuqori mahoratli atletlarni tarbiyalash, kuchli zaxira vakillarini tayyorlashning ko‘p yillik zamonaviy tizimi, jismoniy tayyorgarlik jarayonida tibbiy-biologik va dopingga qarshi ta’minot, psixologik tayyorgarlik, talaba yoshlarning sog‘lom turmush tarzi va harakat faolligining muammolari kabi mavzularda tayyorlagan taqdimotlarini namoyish qildilar.

O‘z o‘rnida, Oybek Kasimov bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi, o‘zaro tajriba almashish yangi yutuqlarning kafolati ekanini ta’kidladi.

“Barchangiz bilan ushbu ilmiy anjumanda ko‘rishib turganimdan bag‘oyat mamnunman. Konferensiyamiz sport ilmining dolzarb masalalari, shuningdek, Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi bo‘yicha fikr almashish imkoniyatini yaratishga mo‘ljallangan o‘ziga xos munozara maydonidir. Bugungi kunga kelib, sport ilm-fanini rivojlantirishga mamlakatimizda katta e’tibor qaratilmoqda. Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni, ulkan tajribaga ega sportchilarni tayyorlash birgina ta’lim muassasasi, vazirlik yoki MOQ emas, balki davlatimizdagi butun sport tizimining vazifasi ekanini anglash zarur. Umid qilamizki, ilmiy ma’ruzalar samarali va konstruktiv muhokamalar bilan birga o‘tib, kelgusida yangi yutuqlarga erishingiz yo‘lida o‘z samarasini beradi”, – dedi MOQ Bosh kotibi.

Anjuman davomida olimlar chiroyli taqdimotlar yordamida o‘z bilimlari bilan ulashishdi. Har bir mavzu yakunida ishtirokchilar qizg‘in bahs-munozaralar o‘tkazib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Bunday tadbirlar kelgusida nafaqat xorijlik, balki mahalliy mutaxassislarimiz uchun ham atletlarimizni xalqaro musobaqalarga tayyorlashda katta yordam berishiga ishonamiz.

Text to speech