Rasmiylar yurtimizdagi ot sporti rivojiga ijobiy baho berishdi
25-26 aprel kunlari Shveysariyaning Lozanna shahrida Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI)ning 100 yilligiga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli sport tadbirida xalqaro federatsiyaga a’zo bo‘lgan barcha milliy federatsiya vakillari ishtirok etishdi. Anjumanda ushbu sport turining uchkurash, ot yo‘rttirish dasturlari (para-atletlar uchun ham), shuningdek, veterinariya yo‘nalishlaridagi qoidalarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar qabul qilindi.
Unda mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Baxromjon Gaziyev qatnashdi. Bahromjon Valijonovich marosim davomida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, Xalqaro ot sporti federatsiyasi prezidenti Ingmar de Vos, Xalqaro ot sporti federatsiyasi Bosh kotibi Sabrina Ibanez va boshqa martabali shaxslar bilan uchrashib, yurtimizda ushbu sport turini yanada rivojlantirish borasida qator istiqbolli loyihalarni muhokama qildi. Suhbat davomida mutasaddilar mamlakatimizda ot sportining tobora ommalashib borayotgani, O‘zbekistonning ko‘plab xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etayotgani haqida iliq fikrlar bildirdilar. Bu haqida O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi ma’lum qildi.
Xalqaro forum o‘z ishi davomida qator masalalarni ko‘rib chiqdi. O‘z yo‘nalishining eng professional mutaxassislari qoidalarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha milliy federatsiyalarning takliflarini qabul qilib oldilar. Tadbirda bu boradagi yakuniy qaror Xalqaro ot sporti federatsiyaning joriy yil oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tadigan Bosh Assambleyasida e’lon qilinishi ta’kidlandi.