O‘q otish sporti bo‘yicha terma jamoamiz mavsumni ko‘tarinki ruhda boshladi
Qozog‘istonning Chimkent shahrida o‘q otish sporti bo‘yicha “Oltin mergan” Gran-pri musobaqasi yakuniga yetdi. Unda ishtirok etgan terma jamoamiz 3 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Musobaqada hamyurtlarimiz pnevmatiq miltiq bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda shohsupaga ko‘tarilishdi. Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki orqali katta tajriba to‘plagan Vadim Skorovarov hamda Muxtasar Tohirova juftligi mikst dasturida eng yaxshi natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Skorovarovning o‘zi yakkalik dasturida kuchli uchlikdan joy olgan bo‘lsa, yoshlar o‘rtasidagi bahslarda Nikita Sokolov kumush medal bilan taqdirlandi.
Qayd etish joiz, bu merganlarimiz uchun mavsumdagi ilk xalqaro musobaqa bo‘ldi. Ushbu turnir joriy yil 12-25 oktyabr kunlari Misrda o‘tadigan litsenzion jahon chempionatiga tayyorgarlik yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.