Oʼzbekiston stol tennisi federatsiyasiga yangi rahbar saylandi
Bugun Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasida Oʼzbekiston stol tennisi federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi boʼlib oʼtdi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidagi asosiy masala boʼldi.
Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Аdham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʼmita raisi oʼrinbosarlari Ravshan Irmatov, Аzizjon Kamilov, Oʼzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Federatsiyaning hududiy vakillari ishtirok etishdi.
Yigʼilishni Oybek Kasimov olib bordi. Dastavval, shu davrgacha Oʼzbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Saida Mahmudovaning oʼz xohishiga koʼra yozgan arizasi koʼrib chiqildi va delegatlar tomonidan qanoatlantirildi.
Shundan soʼng yigʼilish kun tartibidagi asosiy masalaga oʼtildi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasi raisi Sherzod Davlyatovich Kudbievning nomzodi Oʼzbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferentsiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Shu tariqa Sherzod Kudbiev Oʼzbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi etib saylandi.
Maʼlumot uchun, Sherzod Davlyatovich Kubdiev 1981 yil Fargʼona viloyatida tugʼilgan. Faoliyati davomida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi departament direktori oʼrinbosari, Mirzo Ulugʼbek tumani hokimi, Oʼzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi lavozimlarida samarali mehnat qilgan. Hozirda Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasi raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
Tadbirda soʼz olganlar federatsiyaning yangi rahbariga oʼzbek stol tennisi rivojini yangi darajaga olib chiqish, Parij-2024 Olimpiadasiga yoʼllanma qoʼlga kiritish kabi ishlarda unga kuch-gʼayrat va omad tilashdi. Xususan, Аdham Ikramov soʼz olib, nomzod haqida ilik fikrlarni bildirdi. Unga koʼra, yangi rahbarning boy tajribasi va salohiyati evaziga federatsiya ishi yanada jonlanishi, qoʼshimcha imkoniyatlar yaratilishi, yaqin vaqt ichida mamlakatimizda ushbu sport ommaviyligining oshishiga ishonishini taʼkidlab oʼtdi. Oʼz oʼrnida Sherzod Kubdiev yangi lavozimga saylanganidan soʼng ilk fikrlari bilan oʼrtoqlashdi:
"Аvvalo, menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Ushbu sport turi ommaviyligini yanada oshirish, uning har bir mahallaga kirib borishi va yoshlar orasida targʼib qilish uchun barcha kerakli ishlarni amalga oshiramiz. Bu borada Sizlarning yordamingizga muhtojman. Birgalikda kelishgan holda, bir yoqadan bosh chiqarib yagona maqsad sari intilsak, ishonchim komilki zimmamizga yuklanayotgan barcha vazifani uddalay olamiz. Ishonchingiz uchun yana bir bor tashakkur".
Oʼz navbatida, Аdham Ilhamovich konferentsiya yakunida federatsiyaga yangi saylangan raisga 2 hafta ichida mutaxassislar bilan yaqindan tanishish, federatsiyaning hisobot konferentsiyasini oʼtkazish va unda tashkilotga bosh kotib va rais oʼrinbosarlarini saylab olish, yangi jamoani shakllantirish boʼyicha oʼz tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, yigʼilish davomida Аzizjon Kamilov va Bahodir Maxsitov ham soʼz olib, yangi rahbarning kelgusi faoliyatiga omad tilashdi.
Shuning bilan, Oʼzbekiston stol tennisi federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi oʼz ishini yakunladi.