24 Aprel 2022 1789

O‘zbekistonlik chavandozlar “Millatlar kubogi-2022” bosqichida g‘alaba qozonishdi

19-23 aprel kunlari poytaxtimizdagi “UNIVERSAL JUMPING AGRO” ot sporti klubida Jahon kubogi bosqichi doirasidan o‘rin olgan Yevrosiyo ligasi (FEI Jumping World Cup Eurasian League) va "Millatlar kubogi" bosqichining (FEI Jumping Nations Cup Eurasian League) navbatdagi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Musobaqalar Xalqaro ot sporti federatsiyasi va Yevrosiyo ot sport assotsiatsiyasi shafeligida o‘tkazildi.

Har ikki turnirda Gollandiya, Finlyandiya, Germaniya, Armaniston, Ozarbayjon, AQSh, Polsha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan mohir chavandozlar qatnashishdi. Terma jamoamiz a’zolari ushbu davlat vakillari bilan ham shaxsiy, ham jamoaviy dasturlar, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi, mamlakat yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi kubogi uchun ham g‘oliblik yo‘lida bellashishdi.

Natijalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, hamyurtlarimiz qator dasturlarda o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlab, yuqori pog‘onalardan joy oldilar. Eng asosiysi, chavandozlarimiz balandligi 145 smni tashkil etgan "Millatlar kubogi" bosqichida g‘alaba qozonishdi. Batafsil:

“Maxima Masters Cup EVROASIA-2022”, 140 sm to‘siq balandligi:
1. Rinat Galimov, “Koko Pala” laqabli otda (Qirg‘iziston)
2. Nurjan Tuyakbayev, “Lanselotta” (O‘zbekiston)
3. Xurshidbek Alimjonov, “Kordon Bleu” (O‘zbekiston)

CSIO1*-W GRAD PRIX, 150 sm to‘siq balandligi:
1. Nurjan Tuyakbayev, “Lanselotta” (O‘zbekiston)
2. Saidamirxon Turg‘unboyev, “Kalleko” (O‘zbekiston)
3. Xurshidbek Alimjonov, “Kordon Bleu” (O‘zbekiston)

3-yo‘nalish, 120 sm:
1. Rinat Galimov, “Turon” (Qirg‘iziston)
2. A’zam Tolibboyev, “Kontendro” (O‘zbekiston)
3. Gegi Metonidze, “Alonso” (Gruziya)

4-yo‘nalish, 130 sm:
1. Komil Sobitov, “Kuli” (Qirg‘iziston)
2. Rinat Galimov, “Turon” (Qirg‘iziston)
3. Andrey Tripitsin, “Florizel” (Qirg‘iziston)

HEFU PRESIDENT CUP 2022, 130 sm:
1. Rinat Galimov, “Turon” (Qirg‘iziston)
2. Oqil Sobirjonov, “Affir” (O‘zbekiston)
3. Dilmurod Abdurahmonov, “Kollibri” (O‘zbekiston)

CSIO1*-W “Millatlar kubogi”, 145 sm:
1. O‘zbekiston (Bekzod Qurbonov, Saidamirxon Turg‘unboyev, Nurjon Tuyakbayev, Xurshidbek Alimjonov)
2. Qirg‘iziston (Andrey Tripitsin, Rinat Galimov, Komil Sobitov)
3. Qozog‘iston (Yasmin Ibragimova, Shingiz Malikajar, Ayan Gani, Nurilla Turisbekova)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi, 130 sm:
1. Nurjan Tuyakbayev, “Lanselotta” (O‘zbekiston)
2. A’zam Tolibboyev, “Bozart De Ruet” (O‘zbekiston)
3. Bekzod Qurbonov, “Kalimera” (O‘zbekiston)

Konkurchilarimiz uchun musobaqalar aslo to‘xtab qolmaydi. Bir necha kundan so‘ng Qirg‘iziston poytaxtida ayni shu tasnifdagi musobaqalarning navbatdagi bosqichi o‘tkaziladi. Bo‘lajak bahslarda chavandozlarimizga omad tilab qolamiz.

Text to speech