Chavandozlarimiz Yevrosiyo ligasida yuqori natijalar qayd etishmoqda
Ayni kunlarda “UNIVERSAL JUMPING” ot sporti klubida Jahon kubogi bosqichi doirasidan o‘rin olgan Yevrosiyo ligasi (FEI Jumping World Cup Eurasian League) va Millatlar kubogi bosqichining (FEI Jumping Nations Cup Eurasian League) navbatdagi bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro ot sporti federatsiyasi va Yevrosiyo ot sport assotsiatsiyasi shafeligida o‘tkazilayotgan musobaqada ikkinchi kun bahslari ortda qoldi.
Gollandiya, Finlyandiya, Germaniya, Armaniston, Ozarbayjon, AQSh, Polsha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan mohir chavandozlar qatori hamyurtlarimiz ham shaxsiy, ham jamoaviy dasturlar, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi, mamlakat yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi kubogi uchun ham g‘oliblik yo‘lida bellashishmoqda. Ta’kidlash joiz, bahslar davomida sportchilarimiz o‘zlarining yuqori natijalari bilan mutaxassislar e’tiborida bo‘lib turishibdi. Ayni paytgacha qayd etilgan natijalar bilan tanishing:
1-yo‘nalish, 140 sm to‘siq balandligi:
1. Rinat Galimov, “Koko Pala” laqabli otda (Qirg‘iziston)
2. Nurjan Tuyakbayev, “Lanselotta” (O‘zbekiston)
3. Xurshidbek Alimjonov, “Kordon Bleu” (O‘zbekiston)
2-yo‘nalish, 150 sm to‘siq balandligi:
1. Nurjan Tuyakbayev, “Lanselotta” (O‘zbekiston)
2. Saidamirxon Turg‘unboyev, “Kalleko” (O‘zbekiston)
3. Xurshidbek Alimjonov, “Kordon Bleu” (O‘zbekiston)