Jasmina Immayeva ikkinchi bor qit’a chempionatida sovrindor bo‘ldi
Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilayotgan sport kurashlari bo‘yicha Osiyo chempionatida qizlarimiz ham musobaqadagi dastlabki medalni qo‘lga kiritishdi. -50 kg vazn toifasida bahs olib borgan Jasmina Immayeva bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Hamyurtimiz saralash bahslarida 1 g‘alaba va 1 mag‘lubiyat qayd etib, yarim finalga yo‘l olgan edi. Final ostonasida u yaponiyalik Remina Yoshimotoga imkoniyatni boy bergach bronza medali uchun kurashish bosqichida ishtirok etdi. Mazkur bellashuvda hindistonlik Manisha Manishaga hech qanday imkoniyat qoldirmagan Immayeva 10:0 hisobida bahsni o‘z foydasiga hal qildi.
Ma’lumot uchun, Immayeva o‘tgan yil Qozog‘istonda o‘tgan qit’a birinchiligida ham qatnashib, kumush medalni qo‘lga kiritgan edi. Shu tariqa, u faoliyatida ikkinchi bor Osiyo chempionatida shohsupaga ko‘tarilmoqda.