Qilichbozlik bo‘yicha BAAda o‘tgan JCh yakuni bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi
Xabaringiz bor, 2-10 aprel kunlari BAAning Dubay shahrida qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida navbatdagi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda g‘alaba qozonib, ushbu sport turida O‘zbekiston uchun ilk oltin medalni taqdim qilgan sablyachimiz Zuhriddin Qodirov ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, mazkur musobaqada Zaynab Dayibekova ham bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bugun MOQda qilichbozlarimiz qayd etgan natija va federatsiyaning o‘z oldiga qo‘ygan rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Pan Amerika qilichbozlik konfederatsiyasi prezidenti Vitaliy Logvin, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, terma jamoa bosh murabbiyi Vladimir Nazlimov, yosh sportchilarimiz va OAV xodimlari qatnashishdi.
Anjumanda Vitaliy Logvin o‘zbek qilichbozligi o‘zining yangi rivojlanish bosqichini boshdan o‘tkazayotganiga alohida urg‘u berdi.
“O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasida olib borilayotgan ulkan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Bu o‘zbekistonlik yosh qilichbozlarning qayd etayotgan natijalarida namoyon. Endi navbat kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligi va Olimpiya o‘yinlariga yetib keldi. BAAdagi musobaqa yakunida O‘zbekiston kuchli to‘qqizlikdan joy oldi. Federatsiya mana shunday o‘sishda davom etsa, yaqin davrda TOP-3 ga kirishga asosiy da’vogar bo‘lgan jamoani shakllantira oladi”, – dedi asli o‘zbekistonlik bo‘lgan mutaxassis.
Vladimir Nazlimov doimgidek o‘zining motivatsion nutqi bilan yosh sportchilar va OAV vakillarini o‘ziga qaratdi.
“Ota-ona uchun haqiqiy baxt farzandi ularning ishonchini oqlashi. Bu yerda o‘tirgan ko‘plab o‘g‘il-qizlarning ota-onalari ana shunday baxtni his qilishdi. Men O‘zbekistonga jiddiy maqsad bilan kelganman. Faoliyatimni boshlashdan oldin federatsiya rahbariyatiga va Prezidentga Olimpiada sovrindorini yetishtirmaguncha Toshkentdan ketmaslikka va’da berganman. Shunday ekan o‘zimdan yomon xotira qoldirib bu mamlakatni tark etish niyatim yo‘q. Buning uchun bizga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Yaqin Olimpiadada biz o‘z so‘zimizni aytamiz”, – dedi 3 karra Olimpiya o‘yinlari chempioni.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda bir qator obunachilar BAAda o‘tgan JCh sovrindorlari uchun atalgan mukofot pullari o‘z egalariga yetib bormagani haqida mish-mishlar tarqatishgan edi. Anjuman davomida Zuhriddin Qodirov va Zaynab Dayibekova bu gap-so‘zlarning yolg‘on ekani, ajratilgan mablag‘lar ularning hisob-raqamiga tushirib berilganini rasman ta’kidlashdi.
Shuningdek, OAV vakillari federatsiya mutasaddilari va sportchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni yo‘llab, ularga atroflicha javob olishdi.