20 Aprel 2022 2772

London-2012 sovrindori Ivan Yefremov va 2021 yilgi jahon chempionatlari qahramonlari pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi

Bugun Sportni rivojlantirish vazirligida 2021 yilgi jahon chempionatlari gʼolib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylari, shuningdek, London-2012 XXX yozgi Olimpiya oʼyinlarining bronza medali sovrindori Ivan Yefremovni taqdirlash marosimi oʼtkazildi. Unda Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi masʼul xodimi Аsilbek Murtazoev, sportchi va murabbiylar hamda OАV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida rasmiylar atletlarimizning Vatanimiz sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilib kelayotganlari haqida toʼxtalib, hukumatimizning bunday natijalarni beeʼtibor qoldirmasligi ularning kelgusi muvaffaqiyatlari uchun katta kuch berishini taʼkidlashdi.

“Bugun sportchilarimizning 2021 yilda dunyo birinchiligida erishgan yutuqlarini qutlash uchun yigʼilganimizdan mamnunmiz. Аtletlarimizning xalqaro maydonda qoʼlga kiritgan ulkan zafarlari shaxsan Prezidentimiz tomonidan eʼtirof etildi. Davlatimiz sportchilarimizning gʼalabalariga hamisha eʼtibor qaratgan. Bunday mukofotlar oldimizda turgan Xanchjou-2022 Osiyo oʼyinlari va boshqa musobaqalar oldidan ularda yanada katta motivatsiya uygʼotadi. Biz esa ushbu startlarda munosib ishtirok etib, kelgusida ham bildirilgan ishonchni oqlaymiz, degan umiddaman”, – dedi Shahrullo Mahmudov.

Oʼz navbatida, Oybek Kasimov sportchilarning davlat tomonidan bunday taqdirlanishini hech qaysi mamlakatda uchratmaganini taʼkidladi:

“Yil davomida atletlarimizning jahon chempionatlarida erishgan muvaffaqiyatlarini mana shunday taqdirlash anʼanasini yaxshi yoʼlga qoʼyib olganmiz. Bunga hukumat darajasida eʼtibor qaratilayotgani barchamiz uchun quvonarli. Davrada mamlakatimizning elita sportchi va murabbiylari jam boʼlishgan. Oʼrganishlarimiz natijasida hech qaysi davlatda Osiyo oʼyinlari va jahon chempionatlaridan keyin ham sovrindor boʼlgan sportchilarni davlat tomonidan mukofotlash anʼanasini uchratmadik. Barchangizga kelgusi faoliyatingizda yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz”.

Shundan soʼng Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga muvofiq, London-2012 XXX yozgi Olimpiya oʼyinlari bronza medali sohibi, ogʼir atletikachi Ivan Yefremov 50 ming, jahon chempionatida gʼolib va sovrindor boʼlgan sportchilar mos ravishda 12 ming (oltin medalь), 6 ming (kumush medalь) va 3 ming (bronza medalь), ularni tayyorlagan murabbiylar esa 6 ming, 3 ming va 1.5 ming АQSh dollari miqdorida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Tadbir davomida sportchilarimiz ham soʼz olib, Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan koʼrsatilayotgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini, kelgusida yanada yuqori natijalar qoʼlga kiritib, bunday gʼamxoʼrlikka munosib javob berishlarini taʼkidladilar.

Maʼlumot uchun, Ivan Yefremov London-2012 Olimpiadasida ogʼir atletika boʼyicha -105 kg vazn toifasida beshinchi natijani qayd etgan edi. Biroq keyinchalik birinchi va toʼrtinchi oʼrinni egallagan atletlarda doping aniqlangach, atletimiz uchinchi oʼringa koʼtarilgan. Oʼtgan yili Xalqaro Olimpiya qoʼmitasi Ivan Yefremovning Olimpiada sovrindori ekanligini tasdiqlovchi sertifikat va London-2012 medalini yuborgach, sportchimiz Toshkentda oʼtgan ogʼir atletika boʼyicha Osiyo chempionati arafasida taqdirlangan edi. Bugun u davlatimiz tomonidan har bir Olimpiya sovrindori uchun belgilangan tartibda pul mukofotini qabul qilib oldi.

Text to speech