19 Aprel 2022 1453

Taniqli xorijiy kompaniya “Toshkent-2025” uchun o‘z mahsulotlarini taklif qildi

Hozirda “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo o‘yinlariga har tomonlama katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu yirik sport tadbiri uchun quriladigan sport inshootlarini zamonaviy inventarlar bilan jihozlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida mazkur masala yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda bo‘lajak musobaqa uchun quriladigan obyektlarga sifatli inventarlarni yetkazib berish bo‘yicha o‘z taklifini ilgari surgan Xitoyning "Taishan" kompaniyasi vakili bilan ko‘plab masalalar muhokama qilindi.

Tadbirda MOQ Bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov, Qo‘mita departament direktori Kamoliddin Ergashev hamda kompaniyaning xalqaro savdo masalalari bo‘yicha menejeri Peter Jang ishtirok etdi. Suhbat davomida Oybek Kasimov bo‘lajak musobaqa mamlakatimiz uchun qanchalik katta ahamiyat kasb etishiga alohida to‘xtaldi.

““Toshkent-2025”ga tayyorgarlik shaxsan muhtaram Prezidentimizning nazorati va e’tiborida turibdi. Bu orqali davlatimiz rahbari barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning salohiyatini nafaqat qit’amiz, balki jahonga ko‘rsatish imkoniyatiga egamiz. Shu bois ham har jabhada yuqori sifatli hom-ashyolardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bilamizki, siz faoliyat olib borayotgan tashkilot sport olamida o‘z nufuziga ega. Takliflaringizni o‘rganib chiqamiz. Hamkorlik masalalari ijobiy yechim topadigan bo‘lsa, bundan bag‘oyat mamnun bo‘lamiz», – dedi MOQ Bosh kotibi.

"Taishan" kompaniyasi Olimpiya o‘yinlari oilasiga kirgan ko‘plab Xalqaro federatsiyalar tomonidan tan olingan. Kompaniya tomonidan nafaqat sport inventarlari, balki atletlar uchun ekipirovkalar, bellashuvlar uchun maxsus kiyimlar ham ishlab chiqariladi. Suhbat yakunida tomonlar kelgusi qadam va hamkorlik istiqboli bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.

Text to speech