19 Aprel 2022 1404

Ugom daryosida yig‘in o‘tkazayotgan slalomchilarimizning sharoitlari o‘rganildi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan terma jamoalarimizning sharoitlarini o‘rganish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini kuzatish borasida yo‘lga qo‘ygan ishlarini davom ettirmoqda. Qo‘mita vakillari Toshkent viloyatining Ugom maskanida yig‘in olib borayotgan slalomchilarimizning mashg‘ulotlarida bo‘lishdi.

1 aprelda boshlangan ushbu yig‘in 24 aprelga qadar davom etishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda 3 nafardan baydarka va kanoe slalomida jami 6 sportchi, 2 murabbiy va 1 massajchi qatnashmoqda. Murabbiy Rustam Ro‘ziyevning ma’lum qilishcha, ushbu yig‘in joriy yil iyul oyida o‘tishi rejalashtirilgan jahon chempionati va sentyabrda o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi. Shuningdek, yig‘inda terma jamoamizda faoliyat olib borishi kutilayotgan rossiyalik murabbiy Pavel Smirnov ham qatnashib, o‘zining kerakli tavsiyalarini berib kelmoqda.

Tashrif davomida hamkasblarimiz sportchilarning ovqatlanish ratsioni, yotoqxona va ular uchun yaratilgan boshqa sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Murabbiylar shtabi suhbat davomida terma jamoa oldidagi maqsad va rejalar haqida gapirib berishdi. Unga ko‘ra, Xanchjouda shohsupaga ko‘tarilish, shuningdek, o‘zbek sportida ilk bor slalom bo‘yicha ham Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish federatsiya va murabbiylar shtabi oldida turgan eng asosiy vazifa hisoblanadi.

Text to speech