17 Aprel 2022 2249

Taxmina Ikromovaning benefisiga aylangan Jahon kubogi terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi

Toshkent mezbonlik qilgan badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. 15 mamlakat vakillari ishtirok etgan bellashuvlarda Taxmina Ikromova hamda terma jamoamiz faoliyatida yangi sahifa ochildi.

Dastlab ko‘pkurash dasturida tengsiz bo‘lgan yosh gimnastikachimiz halqa va bulava mashqlarida oltin, tasmada esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, Ikromovaning o‘zi ushbu musobaqada 3 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Musobaqada Parij-2024 uchun yangi shakllangan guruh mashqidagi qizlarimizning ham chiqishini alohida e’tirof etish o‘rinli. Ra’no Muhamedova hamda Nilufar Shomurodova qo‘l ostida shug‘ullanayotgan qizlarimiz dastlab ko‘pkurash dasturida, so‘ng 5 halqa mashqida kumush, 3 tasma va 2 to‘p dasturida esa oltin medal bilan taqdirlanishdi.

Shu tariqa, mazkur bosqichda terma jamoamiz 4 ta oltin, 2 ta kumush hamda 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi va terma jamoamizni poytaxtimizda o‘tgan ushbu mas’uliyatli musobaqada qayd etilgan yuksak natija bilan samimiy muborakbod etib, kelgusi musobaqalarda ham gimnastikachilarimizga omad va zafarlar tilab qoladi.

Text to speech