16 Aprel 2022 1542

Olga Zabelinskaya eng murakkab poygalardan birida yurtimiz sharafini himoya qiladi

Bugun velosport olamidagi eng yirik musobaqalardan biri o‘tkaziladi. Fransiya shimolidan yo‘nalish olgan “Parij-Rube” nomli ushbu poygada qatnashish va sovrindor bo‘lish ko‘plab velosportchilarning orzusi hisoblanadi.

Mazkur turnir bu yil 119-bor tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, hozirda “Roland Cogeas Edelweiss” klubi safida harakat qilayotgan Olga Zabelinskaya jahon yulduzlari bilan bir safda g‘oliblik uchun kurashadi. Ta’kidlash joiz, Olga dunyoning eng kuchli poygachilari bellashadigan “WorldTour” jamoalari bilan shartnomaga ega bo‘lgan yagona sportchimizdir.

Mazkur poyga velosport olamida biroz qo‘pol yangrasa ham, “Shimoliy jahannam” nomini olgan. Boisi unda sportchilar ming bir mashaqqat bilan uzoq masofadagi yo‘lni bosib o‘tishadi. Bu yilgi poyga masofasi 257,2 kilometr qilib belgilangan. Bu pelaton taxminan 6 soat davomida tinimsiz harakat qilishini anglatadi. Yo‘nalishning 55 km qismi “pave seksiyasi”, ya’ni “tosh yo‘lakli sektor”ni tashkil qiladi. Umuman, poyga davomida sportchilar murakkabligi 1 dan 5 yulduzgacha bo‘lgan turli masofalarni bosib o‘tishadi. “Tosh yo‘lakli sektori”da ishtirokchilarni turli qalinlik va shakldagi mayda toshlar va boshqa bir qator sarguzashtlar kutib turibdi. Har qalay bunday yo‘lda velosipedlarga texnik shikast yetishi ehtimoli yuqori.

Masofa qanchalik uzoq va murakkab bo‘lmasin, bo‘lajak poygada hamyurtimiz Olga Zabelinskayaga bo‘lajak startda omad tilab qolamiz!

Text to speech