Badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
Ma’lum qilganimizdek, Toshkentda nafis sport turi bo‘yicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichi boshlandi. Bugun Poytaxtimizdagi Gimnastika saroyida ushbu nufuzli musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov va uning o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ruslan Mustayev, Xalqaro gimnastika federatsiyasi mutasaddilari, sport jamoatchiligi va OAV vakillari ishtirok etishdi. Rasmiylar o‘z nutqlarida mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalishdi.
Musobaqa rasman ochiq deb e’lon qilingach, tadbirning badiiy qismiga navbat berildi. Unda poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan bir qator guruhlar o‘zlarining betakror chiqishlari bilan mehmonlarga yanada ko‘tarinki bayramona kayfiyat ulashishdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu musobaqada Armaniston, Avstraliya, Ozarbayjon, Bolgariya, Kolumbiya, Buyuk Britaniya, Gruziya, Germaniya, Italiya, Qozog‘iston, Latviya, Yangi Zelandiya, Sloveniya, AQSh kabi davlatlar ishtirok etmoqda. Bugun bir qator dasturda saralash bahslari o‘tkazildi. Ertadan hamyurtlarimiz final bosqichida chempionlik yo‘lida tayyorlagan dasturlarini yig‘ilganlar e’tiboriga havola qilishadi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Jahon kubogida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan qizlarimizga yana bir bor omad tilaydi. Bo‘lajak bahslarda ulardan chiroyli g‘alabalar kutib qolamiz.