RSTIAM psixologlari terma jamoamiz vakillari bilan seminarlar o‘tkazishmoqda
Yuqori natijalarga erishish yo‘lida sportchilar nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham bo‘lajak startlarga tayyorlanishlari talab etiladi. Bu borada Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tomonidan kerakli ishlar olib borilmoqda.
Markaz psixologlari reja asosida bir qator terma jamoalarimizning bazalariga tashrif buyurib, atletlarimiz bilan psixologik treyning va seminarlar o‘tkazishmoqda. Ana shunday uchrashuvlar taekvondo va akademik eshkak eshish bo‘yicha terma jamoamiz vakillari bilan o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, yirik musobaqa oldidan ruhiy tayyorgarlik katta ahmiyat kasb etadi. Sportda g‘alaba va mag‘lubiyat yonma-yon yurar ekan, atletlardagi o‘ziga bo‘lgan ishonchning me’yoridan ortishi yoki ruhiy jarohatlarni kelgusi musobaqagacha yo‘qotish aynan ushbu soha vakillarining zimmasidagi mas’uliyatli vazifa hisoblanadi.
Seminarlarda sportchilarning psixologik tayyorgarligini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borildi. Atletlarga ulkan yutuqlarga erishishda mazkur yo‘nalishdagi tayyorgarlikning aktualligi tushuntirilib, bu boradagi qimmatli tavsiyalar berildi. Shuningdek, sportchilarimiz ham mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.