Xalqaro tennis federatsiyasi prezidenti poytaxtimizga qilgan ilk tashrifida o‘zbek tennisi maktabini e’tirof etdi
O‘zbekistonda tennisni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish va sportning ushbu turini yanada rivojlantirish yo‘lida katta rejalarni amalga oshirish maqsadida Xalqaro tennis federatsiyasi prezidenti Devid Xaggerti mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Martabali mehmonni 14 aprel kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Kasimov kutib oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Xalqaro tennis federatsiyasi prezidenti Devid Xaggertini qabul qildi. Uchrashuvda tennisni mamlakatimizda yanada rivojlantirish, yirik xalqaro musobaqalar o‘tkazish, tennis taraqqiy etgan horijiy davlatlarda mutaxassis va hakamlarimizning malakasini oshirish uchun Xalqaro federatsiya grantlarini ajratish, ularni ATP va WTA turnirlariga ko‘proq jalb qilish, o‘zbekistonlik tennis mutasaddilarini xalqaro tashkilot boshqaruvidagi nufuzli bo‘limlarda faoliyat olib borishini ta’minlash singari masalalar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, Devid Xaggerti O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Qayd etish joiz, bu Xaggerti janoblarining mamlakatimizga amalga oshirgan ilk tashrifi hisoblanadi. Shunday bo‘lsa ham martabali mehmon yurtimizga qilgan o‘z safaridan katta taassurot olayotganiga alohida to‘xtaldi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati Devid Xaggerti bilan o‘zbek tennis maktabining xalqaro arenadagi mavqeyini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi. Shuningdek, mazkur tadbirda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov va O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova ham qatnashdi.
MOQdagi tashrif yakunlangach, mehmon poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabiga yo‘l oldi. U yerda Devid Xaggerti yosh sportchilarning mashg‘ulotini kuzatib, ularga o‘zining qimmatli maslahatlarini berdi va esdalik uchun suratga tushdi. Shundan so‘ng, ishchi guruh martabali mehmonni Temuriylar tarixi davlat muzeyiga taklif qildi. U yerda Xaggerti janoblari o‘zbek xalqi madaniyati va tarixi, davlatchiligimizning rivojlanish bosqichlari bilan yaqindan tanishdi.
Mamlakatimizga yuqori darajadagi bunday mutaxassislarning tashrifi Prezidentimiz tomonidan sport sohasida olib borilayotgan ulkan islohotlarning xalqaro maydonda tan olinayotganidan dalolat berishi shubhasiz.