14 Aprel 2022 1819

O‘zbek futbolining 110 yilligi Qoraqalpog‘istonda ham keng nishonlandi

Ma’lumki, bu yil o‘zbek futboliga asos solinganiga 110 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasida bayram tantanalari o‘tkazilmoqda. Dastlab MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov boshchiligidagi O‘FA mutasaddilari Nukus shahrida ko‘tarinki ruhda kutib olindi, shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari qoraqalpog‘istonlik bir guruh futbol faxriylarining xonadoniga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olishdi. 

Kunning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov, Vazirlar Kengashi Raisi, Qoraqalpog‘iston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Qahramon Sariyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Murat Kamalov o‘lkada futbol rivoji, uning ommaviyligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar va bo‘lajak rejalar bilan o‘rtoqlashdi. Samimiy ruhda o‘tgan suhbat yakunida Murat Kamalov va Qahramon Sariyevga «O‘zbekiston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun» ko‘krak nishoni topshirildi. Bundan tashqari, bir qator faxriylar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Ma’lumot uchun, bungacha o‘zbek futbolining 110 yillik tantanalari Jizzax va Xorazm viloyatlarida ham tashkil etilib, mahalliy muxlislar haqiqiy futbol bayramidan bahramand bo‘lishgandi. Qoraqalpoq zaminiga uyushtirilgan safar davomida ham millionlar o‘yiniga oid qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Text to speech