13 Aprel 2022 1394

Ilhom Bahromov: “Ishonmasligingiz mumkin, avval biz yashaydigan manzilda kurashdan boshqa sport turi bo‘lmagan”

Sport kurashlari bo‘yicha terma jamoalarimiz poytaxtda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishyapti. O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmati yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zosi, Nankin o‘smirlar Olimpiadasi chempioni, yoshlar o‘rtasida jahon chempionatining kumush va bronza medallari sovrindori Ilhom Bahromov bilan qiziqarli suhbat tashkil qildi. E’tiboringizga ushbu intervyuni havola qilamiz:

– Ilhom, aksariyat bolalar futbolni tanlashadi. Sizda sport kurashlariga mehr qachon va qanday paydo bo‘lgan? Nima uchun aynan yunon-rum kurashi?
– Dadamning ukalari Isroil amakim sabab yunon-rum kurashiga qiziqib qoldim va shug‘ullana boshladim. Amakim yoshliklarida o‘zlari ham yunon-rum kurashi bilan shug‘ullanganlar, lekin keyinchalik sharoit bo‘lmagani uchun tashlab ketishlariga to‘g‘ri kelgan. O‘z orzulari ro‘yobini menda ko‘rish istagidan bo‘lsa kerak, kurash zaliga o‘zlari yetaklab olib kelganlar. Qo‘shimcha o‘rgansin deb yunon-rum kurashi bellashuvlari yozilgan disklarni qo‘yib berardilar. Shuningdek, tumanimizda yunon-rum kurashi ancha rivojlangan edi. Tumandoshlarimiz orasidan ko‘plab chempionlar yetishib chiqqan.

– Nima uchun erkin kurashni tanlamagansiz? Akangiz Islom ham aynan yunon-rum kurashida. Ikkingizdan biringizda erkin kurashni tanlash imkoniyati bo‘lmaganmi?
– Yo‘q, bo‘lmagan. Ishonmasligingiz mumkin, avval biz yashaydigan manzilda boshqa sport turi bo‘lmagan. Bo‘lganida balki borardik. Aka-uka chempionlarimizga havas qilib, ularga o‘xshash istagida yunon-rum kurashiga borganmiz. Hozir esa barcha sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati mavjud.

– Kimlar edi siz havas qilgan chempionlar?
– Zafar Ochilov, Navro‘z Usmonov…

– Murabbiylaringiz O‘rol Ziyoyev va Hakim Nakimov haqida nima deya olasiz? Urishganlarida ranjigan paytlaringiz bo‘lganmi?
– Birinchi murabbiyim O‘rol aka Ziyoyev bo‘lganlar. Aynan O‘rol aka meni Samarqanddagi OZKga Hakim akaning qo‘llariga topshirganlar. Albatta, koyishgan paytlari bo‘lgan. Lekin bundan umuman xafa bo‘lmaganman. Yaxshi bo‘lsin deb urishishgan, tanbeh berishgan. Ayb o‘zimda bo‘lgan.

– Murabbiylaringizdan qaysi xislatlarni o‘zlashtira oldingiz?
– Birinchi navbatda boshlangan ishni oxirigacha yetkazib qo‘yishni, yarim yo‘lda tashlab ketmaslikni o‘rgandim. Keyin sportda sezgirlik degan tushuncha bor. Bu muhim bellashuvlarda as qotadi. Murabbiylarimdan shu xislatlarni olishga harakat qilganman.

Text to speech