O‘q otish: Sportchilarimiz shu yilning o‘zidan Parij-2024 yo‘llanmalari uchun bahslarga kirishadilar
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari uchun ajratilgan kvotalar asosida har bir xalqaro federatsiya o‘z yo‘nalishidagi kvalifikatsion tizimni tasdiqlamoqda. Xalqaro o‘q otish sporti federatsiyasi ham bu borada rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, har bir mamlakat uchun ajratilgan maksimal kvota 24 tagacha qisqartirildi. Bu o‘tgan Olimpiya o‘yinlariga qaraganda 6 taga kam degani. Endi ushbu sport turida jami 340 ta yo‘llanmalar o‘ynaladi. Tokio-2020 Olimpiadasida bu ko‘rsatkich 360 tani tashkil etgan.
Sportchilar uchun ajratilgan kvotalar qisqartirilganiga qaramasdan o‘ynaladigan medallar jamlanmasi va yo‘nalishlar o‘zgarishsiz qolgan. Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida ham 12 ta shaxsiy va 3 ta aralash jamoaviy, jami 15 ta dasturda medallar komplekti o‘z egalariga topshiriladi.
Tizimga ko‘ra, shu yilning o‘zidan sportchilarimiz Olimpiada yo‘llanmalari uchun kurash olib borishadi. Atletlarimiz uchun birinchi kvalifikatsiya 27 sentyabr – 10 oktyabr kunlari Osiyek (Xorvatiya) shahrida o‘tib, unda stenddan otish bo‘yicha 16 yo‘llanma, so‘ng 12-25 oktyabr kunlari Qohira (Misr) shahrida o‘q otish yo‘nalishlari bo‘yicha 32 ta litsenziya o‘z egalariga topshiriladi. Har ikki musobaqa o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib, qolgan yo‘llanmalar kelgusi yil o‘tadigan dunyo birinchiligi, Osiyo chempionati va kvalifikatsion musobaqalarda o‘ynaladi.
Bo‘lajak musobaqalarda merganlarimizga omad tilab, Parij-2024 Olimpiadasi uchun delegatsiyamiz hisobiga salmoqli yo‘llanmalar qo‘shishlariga ishonamiz.