10 Aprel 2022 1885

Jizzaxlik yoshlarga ixtisoslashtirilgan dzyudo zali foydalanishga topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yengil konstruksiyali (sendvich-panelli) sport inshootlarini qurish bo‘yicha bergan topshiriqlari bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi hamkorligi davom etadi. Bu gal Jizzaxda ixtisoslashtirilgan dzyudo zali qurildi.

Jizzax shahridagi 14-umumta’lim maktabida ana shunday yengil konstruksiyali dzyudo zalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati. Bayramona ruhda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi mutasaddilari, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov hamda maktab joylashgan mahalla faollari hozir bo‘lishdi. Marosimning kirish qismida ramziy ma’nodagi lenta kesilib, dzyudo zali kaliti o‘z egalariga topshirildi.

«Ushbu loyiha doirasida Respublika bo‘ylab har bir viloyatda zamonaviy ixtisoslashtirilgan dzyudo zallari bunyod etilmoqda. Loyihaga ko‘ra, Respublikamizning aholi eng zich joylashgan hududlaridagi 14 ta maktabda 28 000 o‘quvchi va 70 000 nafar bolalarni sport to‘garaklariga jalb qilish imkoniyati yuzaga keladi. Bizning asosiy maqsadimiz – joylarda sog‘lom turmush tarzini yanada shakllantirish, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning dzyudoga bo‘lgan mehrini maktab yoshidanoq uyg‘otishni ta’minlashdan iborat», - dedi A. Kamilov.

Dzyudo zali qisqa fursatda bunyod etilgan bo‘lib, zamonaviy talablariga to‘liq javob beradi. Zalga to‘shalgan tatamida bemalol nufuzli xalqaro turnirlarni o‘tkazish mumkin. Zal hajmi 30 metrga 18 metrni tashkil qiladi. Balandligi - 10 metr.

Maktab o‘quvchilari hamda dzyudo sport turi vakillarining ko‘rgazmali chiqishlari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Yil oxirigacha qolgan viloyatlarda ham ayni paytda qurilishi davom etayotgan dzyudo zallari foydalanishga topshiriladi.

Text to speech