6 Aprel 2022 1631

Uchqun Murodov xalqaro turnirining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi

Xabaringiz bor, ayni kunlarda poytaxtimiz dzyudo bo‘yicha Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro musobaqaga mezbonlik qilmoqda. Bugun “Universal” sport saroyida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi maqomidagi musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov va o‘zbek dzyudosining bir qator nomdor vakillari ishtirok etishdi.

Marosimda Azizjon Kamilov so‘zga chiqib, mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, buning natijasida atletlarimizning, jumladan, dzyudochilarimizning xalqaro maydonda qayd etayotgan natijalari xususida alohida to‘xtaldi. A.Kamilov musobaqani rasman ochiq deb e’lon qilgach, tadbirning badiiy qismi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, o‘zbek va jahon gimnastikasining afsonasi Oksana Chusovitina musobaqaning faxriy mehmonlari qatoridan joy oldi. Azizjon Kamilov marosim davomida unga Jahon kubogidagi muvaffaqiyatli ishtiroki uchun esdalik sovg‘asini topshirdi.

Shundan so‘ng ikkinchi kun dasturidan o‘rin olgan final blokiga navbat berildi. Unda o‘rta va og‘ir vazn toifasidagi o‘smir polvonlar g‘oliblik uchun bahs olib borishdi. Ushbu kun g‘olib va sovrindorlari haqida kelgusi xabarlarimizda batafsil ma’lumot beramiz.

Text to speech