5 Aprel 2022 3100

O‘zbek sportida yangi solnoma ochgan qilichbozimizga davlat mukofoti topshirildi

Shu kunlarda BAAning Dubay shahrida qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilayotganidan xabaringiz bor. Musobaqada Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan sablyachilarimiz bugun Toshkentga qaytib kelishdi va munosib taqdirlanishdi.

Qahramonlarimiz dastavval Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hamda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Rustam Shoabdurahmonov tomonidan tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng tadbirning ikkinchi qismi MOQda o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Abdurashid Jo‘raboyev, Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov va Vazir maslahatchisi Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, sportchilarimiz va ularning yaqinlari, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastavval qilichbozlarimizning jahon chempionatida erishgan ulkan g‘alabalari yana bir bor madh etildi. Murosasiz janglarga boy bo‘lgan musobaqada Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan eng yosh atletimiz, Jahon kubogi g‘olibi Zaynab Dayibekova bronza, Zuhriddin Qodirov esa oltin medalni qo‘lga kiritdi. Qayd etish joiz, Zuhriddin Qodirov bu bilan mustaqillik davrida qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionligiga sazovor bo‘lgan birinchi sportchimiz bo‘ldi.

Atletlarimizning ushbu muvaffaqiyatlarini Adham Ikramov ham alohida ta’kidlab, erishilgan yuksak natija bilan qilichbozlarimizni qutladi. Shundan so‘ng Zuhriddin Qodirovni “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni Sportni rivojlantirish vaziri tomonidan o‘qib eshittirildi va mukofot o‘z egasiga tantanali ravishda topshirildi.

Davlatimiz sportchilarimizni ushbu musobaqaga yuqori darajada tayyorlagan murabbiylarni ham esdan chiqargani yo‘q. Terma jamoamiz murabbiyi, uch karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Vladimir Nazlimov hamda Yorqin Yo‘ldoshev sportchilarimiz qatori moddiy rag‘batlantirildi. Unga ko‘ra, qayd etgan natijalari uchun sportchilar Z.Qodirov 5 000, Z.Dayibekova 3 000, murabbiylar V.Nazlimov 2 000 va Yo.Yo‘ldoshev 1 000 AQSh dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Ko‘rsatilgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlangan sportchilarimiz hamda ularning ota-onalari ichlaridagi hayajonni yashira olishmadi.

"Avvalambor, meni tarbiyalagan ota-onam, ustozlarimdan cheksiz minnatdorman. Ularning bergan ta’limlariga amal qilib shunday g‘alabaga erishdim. Qolaversa, bizga barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga ham rahmat aytaman", – dedi chempion Zuhriddin Qodirov.

O‘z o‘rnida Zaynab Dayibekova ham samimiy tilaklarini bildirdi:

“Bugungi xursandchilik kunimizga sherik bo‘lib, bizni shunday tantana bilan kutib olayotganlaringiz uchun barchangizga minnatdorchilik bildiraman. Bu g‘alabaralarimiz davlatimiz rahbarining biz yoshlarga ko‘rsatayotgan e’tiborlarining mevasi. Kelgusida jahon chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritishga va’da beraman".

Tadbir davomida Zuhriddin Qodirovning onasi Zumradxon Qodirova, terma jamoa murabbiyi Vladimir Nazlimov ham so‘z olib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlab turgan davlatimizga tashakkur bildirishdi. Qolaversa, taekvondo bo‘yicha Tokio-2020 chempioni Ulug‘bek Rashitov ham qilichbozlarimizni erishgan muvaffaqiyatlari bilan qutladi.

Musobaqa davomida Dayibekova hamda Qodirovdan tashqari Musa Aytmurodov, Sherzod Mamutov, Boburjon Rasulov, Samira Shokirova kabi vakillarimiz ham munosib ishtirok etib, kuchli o‘nlikdan joy olishdi. Bu esa qilichbozlik bo‘yicha Parij-2024 va Los-Anjeles-2028 Olimpiya o‘yinlari uchun kuchli avlod yetishib kelayotgani, o‘zbek qilichbozlarining kelajagi porloq ekanidan dalolat beradi. Reglamentga ko‘ra, endilikda yosh rapira va shpaga ustalari jahon chempionligi uchun bahs olib borishadi. Bo‘lajak bellashuvlarda terma jamoamizning qolgan vakillariga ham ulkan g‘alabalar tilab qolamiz.

Text to speech