5 Aprel 2022 1601

Sodiq Safoyev regbi ommaviyligini yanada oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Oliy Majlis Senati binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4500-sonli Qarorining ijrosi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisning birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston regbi federatsiyasi raisi S.Safoyev olib bordi, deya xabar bermoqda federatsiya matbuot xizmati. Yig‘ilishda Sportni rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Markaziy harbiy sport klubi, Respublika tovar-xom ashyo birjasi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi, talabalar sporti assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, Sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi kabi tashkilotlarning mas’ullari ishtirok etishdi.

Mazkur yig‘ilishda mamlakatimizda regbini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan Prezident Qarorining ijrosi, Fransiyada regbi-7 bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilgan harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston erkaklar va ayollar milliy terma jamoalarining ishtirokini ta’minlash hamda mamlakatimizda regbi sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha taklif va qo‘shimchalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida Prezident Qarorining har bir bandi bo‘yicha alohida tahliliy ma’lumot, harbiylar o‘rtasida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish rejasi, milliy terma jamoa sportchilari uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda yoshlar o‘rtasida regbi sport turini yanada ommalashtirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilandi.

Text to speech