5 Aprel 2022 2115

Aleksandr Kim, Muzaffar To‘raboyev va Doston Yoqubovni tabriklaymiz!

Bugun o‘zbek sporti rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan 3 nafar vakilimiz – taekvondo bo‘yicha terma jamoa murabbiyi Aleksandr Kim, og‘ir atletikachi Doston Yoqubov va dzyudochimiz Muzaffar To‘raboyev tavallud ayyomini nishonlashmoqda.

Aleksandr Kim 1965 yil 5 aprel kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ushbu mutaxassis ko‘p yillar taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasini boshqarib kelgan. Aynan uning qo‘l ostida 2015 yil jahon chempionatlaridagi eng yuqori natijamizga erishganmiz (1 ta oltin, 2 ta kumush). Aleksandr Kim "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi" faxriy unvonini qo‘lga kiritgan va “Yilning eng yaxshi murabbiyi” (2015 yil) sifatida tan olingan.

Muzaffar To‘raboyev 2000 yil aynan shu kuni Surxondaryo viloyatida dunyoga kelgan. 2020 yil yoshlar va kattalar o‘rtasida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan dzyudochimiz so‘nggi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa, mart oyida Toshkent va Tbilisi shaharlarida o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirlarida bronza medallarini qo‘lga kiritib, asosiy jamoa ortidan munosib yoshlar o‘sib kelayotganini ko‘rsatib berdi.

Doston Yoqubov 1995 yil 5 aprel kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi. 2017 yil Anaxaym (AQSh) shahrida o‘tgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati kumush medal sovrindori. 2021 yil Toshkentda o‘tgan dunyo birinchiligida esa oltin medalni qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bugun tavallud kunlarini nishonlayotgan barcha vakillarimizni tabriklab, ularga uzoq umr, mustahkam salomatlik tilab qoladi.

Text to speech