3 Aprel 2022 4093

Qarshi oling, qilichbozlik bo‘yicha o‘zbekistonlik birinchi jahon chempioni Zuhriddin Qodirov!

BAAda o‘tayotgan qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining ikkinchi kuni sportimiz uchun tarixiy sanaga aylandi. Unda sablyachimiz Zuhriddin Qodirov g‘alaba qozonib, O‘zbekiston tarixida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk qilichbozimiz bo‘ldi.

O‘smirlar toifasida sablya qurolida bahs olib borgan vakilimiz Kanada, Misr, Vengriya, AQSh va finalda Germaniya vakillari ustidan g‘alaba qozondi. Hal qiluvchi bellashuvda Qodirov Kolin Xetkokni 15:13 hisobida dog‘da qoldirdi.

Bugun musobaqa davomida Samira Shokirova hamda Musa Aytmurodov chorak finalgacha yetib borishdi. Afsuski, bronza medalini naqd qiladigan bosqich ostonasida ularga bir oz omad yetishmadi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu tarixiy g‘alaba bilan O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi, sportchimiz va barcha murabbiylar shtabini samimiy muborakbod etadi.

Text to speech