1 Aprel 2022 1310

Keldiyorova chempionlikni himoya qiladi, Nurillayev esa bronza medali uchun kurashadi

Antalya shahrida o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turnirining birinchi kunida saralash bahslari yakunlandi. Quvonarlisi, kechki dasturda Keldiyorova finalda, Nurillayev esa bronza medali uchun kurashish bosqichida tatamiga chiqadi.

Kun Kelidyorova uchun omadli o‘tmoqda. Hamyurtimiz, ayniqsa, yarim finalda Rio-2016 finalchisi, Tokio-2020 sovrindori italiyalik Odetta Jufridaga qarshi chiroyli bahs o‘tkazdi. Bellashuv o‘rtalarida vazari bahosini ishlagan samarqandlik dzyudochimiz bahsning qolgan qismida ustunlikni saqlab qola oldi va ketma-ket ikkinchi bor Antalya “Katta dubulg‘a” turnirida final yo‘llanmasini qo‘lga kiritmoqda. Eslatib o‘tamiz, Kelidyorova o‘tgan yili ushbu musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritib, “Katta dubulg‘a” turnirlarida g‘alaba qozongan ilk dzyudochi qizimiz sifatida tarixga kirgan edi.

-66 kg vazn toifasida Sardor Nurillayev ham yaxshi kurash olib bordi. Vakilimiz yarim finalda jahon reytingi yetakchisi moldovalik Denis Viyeruga qo‘shimcha daqiqalarda imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Endi u bronza medali uchun mo‘g‘ulistonlik raqibiga qarshi bellashadi. Vakillarimizning kechki dasturdagi raqiblari:

Final:
-52 kg: Diyora Keldiyorova – Reka Pupp (Vengriya)

Bronza medali uchun:
-66 kg: Sardor Nurillayev – Basxu Yondonperenlei (Mo‘g‘uliston)

Text to speech