“Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishonlari oʻz egalarini topdi
Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi uzoq yillar yurtimiz sporti rivoji yoʻlida faoliyat olib borgan yana bir guruh fidoyilarga “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishonlarini topshirdi. MOQda oʻtgan tadbirda Kengash raisi Bahodir Maxsitov va koʻplab faxriylar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida nuroniylarimiz jam boʻlib, yurtimiz sportining kundan kunga rivojlanib borayotgani, Prezidentimiz tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor xususida suhbat qurishdi. Yoshlik davrlarini eslab, hozirda sportchilarimiz ulkan imkoniyatlardan unumli foydalanib kamol topayotganlari haqida alohida gapirishdi. Shuningdek, faxriylarimiz Bahodir Jalolov, Akbar Joʻrayev, Ulugʻbek Rashitov kabi qahramonlarimizni yoshlar orasida yanada mashhur qilish borasida oʻz fikrlarini bildirdilar.
Shundan soʻng Uzoq Bozorov, Vladimir Gasanbekov, Hokim Matchanov, Baxtiyor Rajabov kabi 10 nafar fidoyilarimiz “Oʻzbekiston sport faxriysi” koʻkrak nishonlarini qabul qilib olishdi. Oʻz navbatida, faxriylarimiz davlatimizning gʻamxoʻrligi va eʼtiboridan mamnun boʻlib, sportimiz rivoji uchun hozir ham bor kuch-gʻayratlarini ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.