Dzyudochilarimizga qurʼa qanday keldi?
Bugun Antalya “Katta dubulgʻa” turniriga qurʼa tashlangani haqida xabar bergan edik. Ushbu maqolamiz orqali qurʼa natijalariga ozroq sharh berib oʻtmoqchimiz.
Kutilganidek, baʼzi vakillarimiz dastlabki bahsdan noqulay raqiblarga roʻbaroʻ kelishdi. Jumladan, Dilshodbek Baratov mezbonlarning yengil vazn toifasidagi yetakchi sportchisiga, Shahram Ahadov avval oʻzi kabi -66 kg vazn toifasida kurashib, jahon chempionatining kumush, «Masters»ning oltin medalini qoʻlga kiritgan italiyalik Manuel Lombardoga, katta tanaffusdan keyin musobaqalarga qaytgan Muso Sobirov Tokio-2020 sovrindori Shamil Borchashviliga, yosh sportchimiz Shohista Nazarova esa jahon chempionati sovrindori Fransiyalik Marua Pinoga qarshi tatamiga chiqadigan boʻldi.
Yana bir eʼtiborli bahs Gulnoza Matniyazova – Bernadetta Graf (Avstriya) juftligi. Maʼlumki, jamoamizda uzoq vaqt Avstriya terma jamoasini boshqargan Marko Shpitka ish boshladi. Shpitka Matniyazova hamda Sobirovni avstriyalik raqiblarga qarshi qanday tayyorlay olishini 2-aprel kuni oʻtadigan bellashuvlarda kuzatamiz.
-100 kg vazn toifasidagi Muzaffarbek Toʻraboyev va Eshli Gonsales (Moldova) bahsi ham alohida ahamiyatli. Bu juftlikka yuqori texnika va ulkan jismoniy kuch egalari toʻqnashuvi sifatida qarash mumkin. Asli kelib chiqishi kubalik boʻlgan Gonsales faoliyati davomida 2013-yil jahon chempionatida oltin, London-2012 Olimpiadasida kumush medallarni qoʻlga kiritgan. Garchi hozir u avvalgidek sport formasida boʻlmasa ham, yillar davomida toʻplangan ulkan tajribasi bor.
Raqib kim boʻlishidan qatʼi nazar boʻlajak bahslarda hamyurtlarimizga omad tilaymiz. Musobaqa ertaga yengil vazn toifasidagi ishtirokchilar bahsi bilan boshlanadi.