31 Mart 2022 3169

Yurtimizda ilk bor Atletlar komissiyasi tuzildi

Oʻzbek sporti tarixida yana bir muhim voqelik. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining Atletlar komissiyasi tashkil etilib, uning tarkibi shakllantirildi. Mazkur tadbirda ishtirok etish uchun mamlakatimizning koʻzga koʻringan sportchilari Qoʻmita majlislar zalida jam boʻlishdi.

Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, sportchi va murabbiylar ishtirok etishdi. Tadbirda Oybek Omilovich soʻz olib, ushbu komissiyani ochishdan koʻzlangan maqsad sportchilarimizning faolligini oshirish, ularning oʻz ovoziga ega boʻlishlarini taʼminlash hamda manfaatlari himoya qilinishidan iborat ekanligiga alohida urgʻu berdi.

“Komissiya faoliyatini sifatli va samarali yoʻlga qoʻyish uchun bizni juda koʻp masʼuliyatli ishlar kutmoqda. Ushbu qaror Olimpiya harakati doirasida bir qator muhim yoʻnalish va loyihalarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, Olimpiya harakatining har bir qarorida sportchilarning fikr va manfaatlarini ifodalash uchun Komissiya vakilining pozitsiyasi oʻz ahamiyatiga ega. Biz oʻzaro birlashib, mavjud qiyinchiliklarni yengib oʻtishga, koʻzlangan maqsadlarga erishishimizga ishonamiz”, - dedi O.Kasimov.

MOQ Xalqaro aloqalar departamenti bosh mutaxassisi Nargiza Xalmirzayeva esa Komissiya faoliyati, nomzodlar hamda ular orasidan aʼzolarni saralab olish tartibi haqida maʼlumot berdi. Shundan soʻng, Komissiya aʼzoligiga ovoz berish tartibi haqida tushuntirish berildi va barchaning guvohligida jarayon amalga oshirildi.

Atletlar komissiyasi aʼzolari Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi talablari asosida tegishli sport federatsiyalari tomonidan tavsiya etilgan 12 nafar sportchi orasidan ovoz berish yoʻli bilan saralab olindi. Reglament boʻyicha komissiya 5 yoki 7 nafar sportchidan tashkil topishi lozim. Bunda gender tenglik taʼminlanishi, sportchilarning soʻnggi uch Olimpiya oʻyinlaridan birida ishtirok etgan boʻlishi, qolaversa, tarkibda ham yozgi, ham qishki Olimpiya oʻyinlarida qatnashgan nomzodlar boʻlishi talab etiladi. Anonim tarzda oʻtgan saylash jarayoni yakunida quyidagi sportchilar Atletlar komissiyasi tarkibiga aʼzo boʻlishdi: Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi), Rishod Sobirov (dzyudo), Dmitriy Shokin (taekvondo), Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash), Zaynab Dayibekova (qilichbozlik), Svetlana Radzivil (yengil atletika) va Komiljon Toʻxtayev (togʻ changʻisi).

Tarkib aniqlab olingach Komissiya aʼzolari dastlabki yigʻilishni oʻtkazib, oʻzaro kelishgan holda Komissiyaga rahbar va oʻrinbosarlar tarkibini shakllantirib olishdi. Unga koʻra, Dmitriy Shokin Atletlar komissiyasi raisi, Oksana Chusovitina hamda Bekzod Abdurahmonov uning oʻrinbosarlari boʻldilar.

Atletlar komissiyasi aʼzolari MOQ Bosh assambleyasi va Ijroiya qoʻmitasi tarkibiga kirib, muhim jarayonlarda oʻz fikrlarini bildirish, saylovlarda ovoz berish huquqiga ega boʻladilar. Bu borada Zaynab Dayibekovani MOQ Ijroiya qoʻmitasiga, Svetlana Radzivil hamda Komiljon Toʻxtayev nomzodlarini esa Bosh Assambleyaga koʻrsatish boʻyicha taqdimnoma Qoʻmita rahbariyatiga kiritildi.

Qayd etish joiz, Atletlar komissiyasi sportchilarimizning xalqaro maydondagi huquq va manfaatlarini himoya qilish barobarida mamlakatimizda Olimpizm harakatini yanada targʻib qilish yoʻlida faoliyat olib boradi.

Text to speech