30 Mart 2022 1344

Dzyudochilarimizni Turkiyada katta musobaqa kutib turibdi

Bugun tongda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi katta tarkibda Turkiyaga yo‘l oldi. Jamoamiz 1-3 aprel kunlari Antalya shahrida tashkil etiladigan “Katta dubulg‘a” turnirida ishtirok etadi.

Mazkur turnir jamoamiz uchun xalqaro musobaqalar havosini olish yo‘lida juda muhim. Zero, shundan so‘ng asosiy tarkib faoliyatida iyungacha tanaffus bo‘ladi. Shu bois nafaqat biz, balki boshqa ko‘plab davlatlar ham yetakchilari bilan Turkiyaga yetib kelmoqda. Jamoamiz tarkibida barcha vazn toifasida asosiy o‘rin uchun kuchli raqobat kechmoqda. Ularning har biri bu yil yurtimizda o‘tadigan jahon chempionati va Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qilish, buning uchun asosiy tarkibga kirish istagida.

Mazkur “Katta dubulg‘a” turnirida 70 ga yaqin mamlakatdan 500 nafardan ziyod sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. O‘z yurtidagi epidemiologik vaziyat sabab ishtirok eta olmayotgan jamoalarni hisobga olmasa, barcha “jangovor” tarkib bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Bir necha kun avval Antalya musobaqasida 15 nafar sportchimiz qatnashishi haqida xabar chiqargan edik. Biroq murabbiylar shtabi tarkibga yana ikki sportchini jalb qildi va medallar uchun kurashadigan vakillarimiz safi yanada kengaydi. Shu tariqa, jamoamiz tarkibi quyidagicha ko‘rinish oldi:

Erkalar:
-60 kg: Dilshodbek Baratov
-60 kg: Kemran Nurillayev
-66 kg: Sardor Nurillayev
-73 kg: Murodjon Yo‘ldoshev
-73 kg: Shahram Ahadov
-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev
-81 kg: Muso Sobirov
-100 kg: Muzaffarbek To‘raboyev
+100 kg: O‘tkir To‘raboyev
+100 kg: Alisher Yusupov

Ayollar:
-48 kg: Halimajon Qurbonova
-52 kg: Diyora Keldiyorova
-57 kg: Nilufar Ermaganbetova
-57 kg: Shukurjon Aminova
-70 kg: Gulnoza Matniyazova
-70 kg: Shohista Nazarova
-78 kg: Irisxon Qurbonova

Ertaga musobaqa oldidan rasmiy tadbir va qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Shu tariqa barcha ishtirokchilar musobaqadagi dastlabki raqiblarini bilib olishadi. Dzyudochilarimiz raqobtlashadigan polvonlar haqida ertaga batafsil ma’lumot beramiz.

Text to speech