30 Mart 2022 1731

Velosportchilarimiz Osiyo chempionatlaridagi eng yaxshi natijalarini qayd etishdi

24-29-mart kunlari Tojikiston poytaxtida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha qit’a birinchiligi o‘z yakuniga yetdi. Unda qatnashgan jamoamiz o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatdi.

Musobaqaning ilk kunidayoq ayollar o‘rtasidagi jamoaviy poyga dasturida oltin medalni qo‘lga kiritgan delegatsiyamiz turnir davomida jami 5 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallarini jamg‘ardi. Qayd etish joiz, jamoamiz Osiyo chempionatlari tarixida bu kabi muvaffaqiyatli ishtirok etmagan edi. Bunday natija, shubhasiz, davlatimizning barcha sport turlari qatori velosport rivojiga ko‘rsatayotgan ulkan e’tibori orqali qo‘lga kiritilmoqda. Ayniqsa, tashkil etilgan professional klublar va ularning xorijiy mamlakatlarda yig‘in o‘tkazgani ushbu qit’a chempionatida sportchilarimizning yuqori natija qayd etishi yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.

Quyida Osiyo chempionati qahramonlari va ular shohsupaga ko‘tarilgan yo‘nalishlarni eslab o‘tamiz:

Oltin medal:
1. Ayollar o‘rtasida jamoaviy poyga (Yanina Kuskova, Margarita Misyurina, Shahnoza Abdullayeva, Anna Kulikova)
2. Anna Kuskova, U-20 toifasidagi individual poyga
3. Yanina Kuskova, U-23 toifasidagi individual poyga
4. Sofiya Karimova, U-20 toifasida guruh poygasi
5. Samandar Sultonov, U-20 toifasida guruh poygasi

Kumush medal:
1. Aleksey Fomovskiy, U-23 toifasida individual poyga

Bronza medal:
1. Murodjon Xolmurodov, kattalar o‘rtasida individual poyga
2. Yanina Kuskova, U-23 toifasida guruh poygasi

Bu yilgi Osiyo chempionatida qit’amizning 23 ta davlati ishtirok etdi. Terma jamoamiz ushbu natija bilan umumjamoa hisobida Qozog‘istondan so‘ng ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Endi velosportchilarimiz iyun oyida Hindistonda o‘tadigan trek bo‘yicha Osiyo chempionatiga hozirlik ko‘radi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston velosport federatsiyasi, terma jamoamiz sportchi va murabbiylarini Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirok bilan muborakbod etadi.

Text to speech