Osiyo chempionatidan qaytgan baydarka va kanoechilarimiz tantanali kutib olindi
Xabaringiz bor, 24-27-mart kunlari Tailandda baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtdi. Unda muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoamiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Marosimda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Mudofaa hamda Energetika vazirligi mutasaddilari, Oʻzbekiston ROWING&CANOE federatsiyasi rahbariyati, Suv sporti turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi vakillari, sportchilarimizning yaqinlari ishtirok etishdi.
Shahrullo Mahmudov sportchilarimizni qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutlar ekan, eshkak eshuvchilarimizga joriy yil Xanchjou shahrida oʻtadigan Osiyo oʻyinlarida ham mana shunday yuqori natijalar qayd etishlarini tilab qoldi.
Eslatib oʻtamiz, yoshlar va kattalar oʻrtasida tashkil etilgan musobaqada sportchilarimiz 16 ta oltin, 19 ta kumush va 8 ta bronza, jami 43 ta medal jamgʻarishgan edi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston ROWING&CANOE federatsiyasini, sportchi va murabbiylarimizni qoʻlga kiritilgan natijalar bilan samimiy qutlab, kelgusi xalqaro musobaqalarda ham jamoamizning mana shunday zafarli ishtirok etishini tilaydi.