Basketbol faxriysi Aleksandr Adisman 85 yoshda
Oʻzbek basketboli rivoji yoʻlida uzoq vaqt samarali mehnat qilgan sportimiz faxriysi Aleksandr Adisman qutlugʻ 85 yoshlik tavallud ayyomini qarshi oldi.
Aleksandr Adisman 1937-yil 28-mart kuni Toshkentda tugʻilgan. 1962-yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan Aleksandr Iosifovich shogirdlari bilan bir qator yutuqlarga erishdi. Jumladan, 1968-yil Xarkovda yoshlar oʻrtasida oʻtgan Butunittifoq chempionatida, 1981-1982-yillar Toshkentning “Universitet” jamoasi bilan SSSR xalqlari Spartakiadasi va boshqa bir qator turnirlarda u kishining jamoasi muvaffaqiyat qozongan.
Faoliyati davomida Sobiq Ittifoq jamoasi tarkibida jahon chempionati va Olimpiada sovrindorlari sifatida tanilgan koʻplab shogirdlarni tarbiyalagan. Sportdagi uzoq yillik xizmatlari uchun davlatimiz tomonidan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy” unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov tavallud ayyomini nishonlayotgan Aleksandr Adismanning xonadoniga tashrif buyurib, u kishini sport jamoatchiligi va faxriylar kengashi nomidan tabrikladi hamda esdalik sovgʻalarini topshirdi.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ham Aleksandr Iosifovichni tabarruk yoshi bilan qutlab, unga mustahkam sogʻliq va uzoq umr tilab qoladi.