Yosh stol tennischimiz Tokio-2020 ishtirokchisini mag‘lub etib, xalqaro musobaqada g‘alaba qozondi
Tunisda stol tennisi bo‘yicha yosh toifalari bo‘yicha jahon seriyasiga kiruvchi musobaqa bo‘lib o‘tdi. Ahamiyatlisi, unda ishtirok etgan hamyurtlarimiz 1 tadan oltin, kumush va bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.
Yarim finalgacha yetib borgan Arujan Kamalova ham ajoyib ishtiroki bilan mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi va turnirni uchinchi o‘rinda yakunladi. Ko‘pchilikning diqqat-markazi final bahsiga qaratildi. Unda yurtdoshimiz Asel Erkebayeva Tokio-2020 Olimpiadasida ishtirok etgan eng yosh stol tennischi suriyalik Xend Zaza bilan bahs olib bordi. Qiziqarli bahs Erkebayevaning g‘alabasi bilan yakunlandi. Ushbu toifadagi g‘olib va sovrindorlar quyidagicha ko‘rinish oldi:
1. Asel Erkebayeva (O‘zbekiston)
2. Xend Zaza (Suriya)
3. Arujan Kamalova (O‘zbekiston)
3. Ela Saidi (Tunis)
Shuningdek, 19 yosh toifasida iqtidorli vakilalarimizdan biri Marhabo Magdiyeva kumush medal bilan taqdirlandi. Hamyurtimiz murosasiz kechgan final bellashuvida hindistonlik Suxana Sainiga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.