27 Mart 2022 3102

IV Toshkent xalqaro marafoni yuzlab hamyurtlarimizga bahoriy kayfiyat ulashdi

Poytaxtimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Navro‘z” Xalqaro marafonining IV poygasi va Shanxay hamkorlik yarim marafoni o‘tkazildi. Bu yilgi musobaqa bahoriy kayfiyat va o‘yin-kulgular bilan avvalgi marafonlardan ajralib turdi. Mazkur sport bayrami O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.

ShHT xalqaro yarim marafoni darajasidagi nufuzli musobaqa yurtimizda ilk bor tashkil etilishi. Ushbu marafon AIMS xalqaro tuzilmasining «A» tasnifidagi sertifikatsiyasiga ega. Bu ShHT yarim marafonida qatnashadigan professional sportchilarning ishtiroki, marafon trassasi, uning o‘tish jarayoni va natijalari xalqaro ekspertlar tomonidan baholab borilishini anglatadi. Mazkur nufuzli musobaqani Xalqaro yengil atletika federatsiyasi hamda AIMSning texnik ekspertlari Ilya Mixaylovskiy va Adrianus Stevenslar baholab borishdi.

Marafon bahslarida turli yo‘nalishlarda qatnashish uchun jami 2 200 nafardan ziyod kishi ro‘yxatda o‘tgan edi. Bugun esa ular safiga ro‘yxatdan o‘tolmagan, ammo yugurishga ishtiyoqmand ko‘plab insonlar ham qo‘shildi va umumiy hisobda ushbu xalqaro marafonda 2 yarim ming nafardan ziyod insonlar qatnashdi.

To‘rtinchi bor o‘tkazilgan marafon nafaqat hamshaharlarimiz, balki xalqaro mutaxassislarning ham e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Buni marosimning ochilish qismida so‘zga chiqqan Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov alohida ta’kidlashdi. Mutasaddilar o‘z so‘zlari davomida mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan hamyurtlarimiz orasida ommaviy sportni targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan o‘zgarishlar, yugurishning inson salomatligiga ijobiy ta’siri haqida alohida to‘xtalishdi.

Bu yilgi marafonga Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov faxriy mehmon sifatida tashrif buyurdi. Shuningdek, tadbirda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov, Azizjon Kamilov, Shezrod Tashmatov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi rahbariyati, yuzlab sportsevar hamyurtlarimiz ishtirok etishdi. Musobaqada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Pokistondan kelgan sportchilar hamyurtlarimiz bilan raqobat olib borishdi. Poyganing start va finish nuqtasi doimgidek “Humo arena” muz saroyi oldidagi Beshyog‘och maydoni etib belgilandi.

Reglamentga ko‘ra, musobaqa doirasida 3 km, 10 km, 21 km, klassik marafon va ekiden (estafeta) poygalari o‘tkazildi. Bu yilgi marafon g‘olib va sovrindorlariga mos ravishda 30-20-10 million so‘mdan mukofot ajratilgan. Qolaversa, boshqa yo‘nalishlardagi sovrindorlar ham belgilangan miqdordagi mukofotlarga sazovor bo‘lishdi.

O‘z yo‘nalishida g‘alaba qozongan sportchilar:

3 km, erkaklar:
1. Hasan Mirsoatov – 9:07.12
2. Viktor Surenko – 9:15.07
3. Diyorbek Ahmedov – 9:17.17

3 km, ayollar:
1. Shohsanam Xurramova – 10:18.5
2. Oyzira Jurakova – 10:40.5
3. Darya Antropova – 10:49.3

10 km, erkaklar:
1. Bekzod Boymatov – 35:03
2. Otabek Fayzullayev – 35:47
3. Azizbek Kasimov – 36:26

10 km, ayollar:
1. Dilnoza Usmonova – 43:29
2. Go‘zal Muhammadaliyeva – 44:22
3. Farida To‘lqunbekova – 44:53

21 km, erkaklar:
1. Nursulton Keneshbekov (Qirg‘iziston) – 1:04.28
2. Shohruh Davlatov (O‘zbekiston) – 1:04.40
3. Otabek Toshquvvatov (O‘zbekiston) – 1:07.58

21 km, ayollar:
1. Aziza Mirzaakbarova (O‘zbekiston) 1:15.20
2. Mariya Korobitskaya (Qirg‘iziston) – 1:16.47
3. Sitora Qurbonova (O‘zbekiston) – 1:24.43

Marafon (42 km, 195 m), erkaklar:
1. Ilya Tyapkin (Qirg‘iziston) – 2:21.42
2. Zakirillo Mamatqulov (O‘zbekiston) – 2:22.05
3. Vladislav Mamedov (O‘zbekiston) – 2:23.18

Marafon, ayollar:
1. Gulshanoy Sattorova (Qirg‘iziston) – 2:34.50
2. Yekaterina Tunguskova (O‘zbekiston) – 2:29.28
3. Tamila Qo‘chqorova (O‘zbekiston) – 3:11.23

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, UFC jangchisi Mahmud Murodov, Tokio-2020 Olimpiadasi chempionlari Bahodir Jalolov hamda Ulug‘bek Rashitov ham ishtirok etib, sovrindorlarga esdalik sovg‘alari va pul mukofotlarini topshirishdi.

Text to speech