Jahonning birinchi raqamli tennischisi faoliyatini yakunladi
Ayni payt WTA tasnif jadvalida dunyoning birinchi raqamli tennischisi boʻlib turgan avstraliyalik Eshli Barti faoliyatini yakunlaganini maʼlum qildi.
“Men birinchi bor bu mavzuda baralla soʻz ochdim. Bu juda qiyin. Menda endi eng yuqori darajadagi harakat uchun emotsional istak yoʻq. Men juda charchadim”, – deya izoh bermoqda sportchi oʻzining qaroriga.
25 yoshli Eshli Barti shu paytgacha “Katta dubulgʻa” turkumiga kiruvchi musobaqalarda 3 bor muvaffaqiyat qozongan: Fransiya ochiq chempionati (2019), Uimbldon (2021) va Avstraliya ochiq chempionati (2022). Shuningdek, uning hisobida WTA tasnifidagi musobaqalarning 15 ta tituli, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining mikst dasturidagi bronza medali ham bor.
Maʼlumot uchun, Barti 2019-yildan beri jahon reytingida birinchi oʻrinni egallab turibdi. Shu tariqa u Jyustin Enendan soʻng (2008-yil) reyting peshqadamligida faoliyatini yakunlagan ikkinchi tennischi boʻlmoqda.