Xorijiy kompaniyalarining taqdimoti, zamonaviy infratuzilma yoxud “Toshkent-2025” obyektlarining qurilishi muhokama qilindi
Ma’lumki, 2025 yil poytaxtimizda qit’amiz sportining eng muhim voqeligi – Yoshlar o‘rtasida IV Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Davlatimiz rahbari 2020 yil dekabr oyida “Yoshlar forumi” va Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomalarida poytaxtimizning 2025 yil yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishi haqida alohida to‘xtalib o‘tib, tegishli tashkilotlarga mazkur musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish va unga munosib tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergan edilar. Bugun ushbu topshiriqlar ijrosining holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish kabi masalalarga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Sportni rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, federatsiya va assotsiatsiyalarning mas’ullari ishtirok etishdi.
Osiyo o‘yinlari uchun Qibray tumanida 20 ga yaqin sport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan, yangi Olimpiya shaharchasini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu borada tumandagi “Yangi O‘zbekiston” ko‘chasida joylashgan 100 gektar yer maydonida zamonaviy Olimpiya shaharchasi va sport ob’ektlari qurilishini loyihalash bo‘yicha Buyuk Britaniyaning “ARUP” kompaniyasi vakillari o‘z taqdimotlarini namoyish qilishdi.
Hozirgi kunda Toshkent shahar hokimligi ko‘magida “ARUP” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan loyiha ustida ish olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, qurilish 2 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda Universal suv havzasi, velotrek majmuasi, badminton saroyi, jamoaviy sport turlariga ixtisoslashgan kompleks, yengil atletika stadioni, universal yopiq inshoot, eshkak eshish kanali barpo etilsa, ikkinchi bosqichda yotoqxona, yopiq yengil atletika binosi, yakkakurash sport turlari uchun arena, ochiq chim ustida xokkey maydoni qurilishi rejalashtirilmoqda. Umumiy hisobda “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari dasturiga 30 ta sport turi kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilish davomida joriy yil Xitoyning Shantou shahrida o‘tadigan III yoshlar Osiyo o‘yinlariga mamlakatimiz delegatsiyasi bilan birga tajriba orttirish maqsadida “Toshkent-2025” tashkiliy qo‘mitasi a’zolarini ham yuborish, yosh sportchilarni hozirdan puxta tayyorlash maqsadida yetakchi mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirildi. Shuningdek, tez fursatda musobaqa Direksiyasining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, loyihalarning smeta-hujjatlarini tasdiqlash, sport ob’ektlarining qurilish ishlarini boshlash masalalar bo‘yicha ham fikrlar almashildi.