MOQ va “Sport” teleradiokanali o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
“Sport” teleradiokanali yurtimizda ommaviy sport va Olimpizm g‘oyalari targ‘ibotida Milliy Olimpiya qo‘mitasining asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Bugun ushbu hamkorlik rasmiylashtirilib, yangi rejalar muhokama qilindi.
Qo‘mitaning kichik majlislar zalida o‘tgan tadbirda MOQ hamda “Sport” teleradiokanali o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Zohid Karimov boshchiligidagi “Sport” teleradiokanali xodimlari ishtirok etishdi. Dastavval hamkorlikda olib borilayotgan ishlar va yangi rejalar muhokama qilindi.
“Yillar davomidagi eng yaqin axborot hamkorlarimizdan biri bilan aloqalarimizni rasmiy ko‘rinishga keltirish biz uchun ham yoqimli. teleradiokanal mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport, Olimpizm g‘oyalarini targ‘ib qilishda doimo bizga kamarbasta bo‘lib kelgan. “Sport” teleradiokanalining tajribali muxbirlari o‘z ishining ustasi ekanini bilamiz. Pirovard maqsadimiz esa hurmatli Prezidentimiz ilgari surayotgan ommaviy sport va sog‘lom turmush tarzini yoshlar orasida targ‘ib qilishdan iboratdir. Imzolanadigan ushbu hujjat aloqalarimizni yanada mustahkamlash yo‘lida xizmat qiladi degan umiddamiz”, – dedi O.Kasimov.
Shundan so‘ng har ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unga ko‘ra, tomonlar yurtimiz aholisi orasida Olimpizmning pok va ezgu qadriyatlari, atletlarimizning yirik kompleks musobaqalariga olib borayotgan tayyorgarligi va ularda erishayotgan muvaffaqiyatlarini xalqimizga yetkazib berishda birgalikda faoliyat olib boradi.
O‘z navbatida Zohid Karimov ham imzolangan memorandum teleradiokanalning efir dasturlarida o‘zbek sportiga oid sifatli ko‘rsatuv va materiallarning ko‘payishi, aholi salomatligini mustahkamlash va jismoniy tarbiya va sport targ‘ibotida muhim ekanini ta’kidladi.
O‘zaro kelishuvga ko‘ra, MOQ yirik kompleks musobaqalarga teleradiokanal ijodiy va texnik jamoasini akkredetatsiyadan o‘tkazish va boshqa jarayonlarda yordam beradi.
Shuningdek, memorandum bolalar sportini rivojlantirish, Olimpiya harakati va Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini keng ommalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda xizmat qiladi.
Hamkorlik qamrovi keng bo‘lib, har ikki tashkilot yagona maqsad yo‘lida birgalikda faoliyat olib borishi kelishib olindi.