Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi tashkilotlar bilan memorandum imzoladi
Maʼlumki, Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasi soʻnggi paytlarda hamkorlik masalasida koʻplab tashkilotlar bilan kelishuvlarga erishib kelmoqda. Mana shunday kelishuvlarning navbatdagisi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi ikki tashkilot bilan amalga oshirildi.
Ichki ishlar tizimidagi xodimlarining aksariyat qismi sambo sport turi bilan muntazam shugʻullanib kelishadi. Boisi sambo organ xodimlar uchun tayanch sport turi xisoblanadi. Bu boʻyicha ikki tomon uzoq yillardan beri xamkorlik qilib keladi. Endilikda mazkur xamkorlik yangi bosqichga olib chiqilmoqda.
Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov boshchiligidagi ishchi guruh hamkorlik masalasida uchrashuv oʻtkazdi. IIV Malaka oshirish instituti raxbariyati bilan suhbatda tomonlar samboni yanada rivojlantirish boʻyicha rejalar haqida fikr almashishdi. Sambo boʻyicha terma jamoamiz aʼzolarining aksariyati ushbu institut talabalari hisoblanishadi. Ular uchun kasbiy tayyorgarlik boʻyicha darslar ham olib boriladi. Yakunda ikki tomon oʻrtasida shu va boshqa masalalarni oʻz ichiga olgan memorandum imzolandi.
Ikkinchi kelishuv esa Oʻzbekiston Respublikasi IIVning 1-sonli Toshkent akademik litseyi bilan amalga oshirildi. Ushbu litsey sport zalida sambo boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etiladi. U yerdagi kursantlar uchun sambo mashgʻulotlari boʻlib oʻtadi. Bu esa oʻz navbatida litsey kursantlarining jismoniy tayyorgarligini yanada oshirishga xizmat qiladi.