12 Mart 2022 1702

Sportni rivojlantirish vazirligi va MOQ rahbariyati federatsiyalarimizdagi sharoitlarni o'rganishdi

Bugun Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida o'tgan yangi gandbol zalining ochilish marosimidan so'ng sportni rivojlantirish vazirligi hamda MOQ rahbariyati bir qator federatsiya va assotsiatsiyalarimizga tashrif buyurib, u yerlarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishishdi. Mutasaddilar dastlab ROZKning o'zida yengil atletika maneji, gimnastika zali va kamondan otish bazasidagi sharoitlarni ko'zdan kechirdilar. Qayd etish joiz, yopiq manej qayta ta'mirdan chiqqanidan so'ng bugungi kunda sportchilarimiz uchun ancha qulay sharoitga keldi. Har qanday mavsumga, ob-havo sharoitiga mos keladigan manej atletlarimizni yana qabul qilish uchun shay.

Shundan so'ng mutasaddilar O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga tashrif buyurishdi. Mehmonlarni MOQ raisining birinchi o'rinbosari, O'FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov qarshi oldi. Tashrif davomida Milliy va Olimpiya terma jamoalarimiz uchun tuzilgan rejalar, mamlakatimizda futbol ommaviyligini yanada oshirish, seleksiya ishlarini kuchaytirish kabi masalalar bo'yicha suhbat olib borildi.

Ishchi guruhning keyingi manzili Milliy Paralimpiya qo'mitasi bo'ldi. MPQ raisi Muxtorxon Tashxodjayev mutasaddilarga imkoniyati cheklangan hamyurtlarimizning jismoniy salohiyatlarini ko'rsatishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, Paralimpiya o'yinlarida qatnashadigan sport turlari geografiyasini kengaytirish yo'lida qilinayotgan ishlar, jumladan, qishki sport turlaridagi yangiliklar haqida batafsil ma'lumot berdi.

So'ngra mutasaddilar O'zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi tomon yo'l olishdi. U yerda mehmonlarni MOQ raisi o'rinbosari, mamlakat taekvondo assotsiatsiyasi rahbari Sherzod Tashmatov o'z jamoasi bilan kutib oldi. Sherzod Rixsibayevich uchrashuv davomida terma jamoalarimizning Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o'yinlariga olib borayotgan tayyorgarligi, rejalari bilan sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilarini tanishtirdi.

Umumiy olib aytilganda, vazirlik va qo'mita rahbarlaridan tashkil topgan ishchi guruh bugungi tashrif davomida federatsiyalarimizning faoliyatini o'rganishdan tashqari yechimini kutayotgan masalalar va muammolarni ham o'rganishdi. Ochiq muloqot shaklida o'tgan uchrashuvlarda muammolarni hal qilish yo'lidagi taklif va fikrlar ustida fikr almashildi.

Text to speech